“Yoʻlim qani?” deyman — koʻrinadi qalb...”
Foto: Arxiv surat
Nazm gulshani
Usmon Azim oʻzining hayotga, insonlarga, ezgulikka muhabbatdan tugʻilgan otashin sheʼrlari, bitiklaridagi bir-biridan ajoyib tashbehlari va ular zamirida yotgan yuksak gʻoyalari bilan elimiz qalbidan oʻrin egallagan shoir. U adabiyot chamanining yanada chiroy ochishiga, xushboʻylashishiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Quyida shoir ijodidan namunalar tuhfa etilmoqda.
* * *
Bu joy teatrmas. Bu joy ishxona,
Ammo fojiaga mos erur taʼbi.
Soat oʻn. Eshikdan kirar zamona,
Uni qarshi olar Hamlet asabiy.
Lablari pichirlar — ichmoqda qasam,
“Prima” burqsiydi barmoqlarida.
Klavdiy oʻtadi yonidan bardam,
U magʻrur — shohlikning sirtmoqlarida.
“Chekish mumkin emas” — devorda eʼlon,
Qaydadir telefon jiringlay boshlar.
Kaftin manglayiga bosib, bekalom —
Goʻzal Ofeliya koʻzini yoshlar.
— Pensiya kerakmas! Soʻzimdan qaytdim,
Qizlarda tartib yoʻq. Oʻrnimda qoldir!
Kimgadir gʻazabnok soʻzlarni aytib,
Liftdan chiqib kelar oqsoch qirol Lir.
Qarsaklar yangraydi… General qaytar!
Tegrasida sodiq mulozimlari,
Musobaqadamas, yutganday jangda,
Viqor-la keladi bayroq koʻtarib.
Dezdemona uni tabriklar bosiq, —
Gʻolib generalga oliy tortiq shu.
Yago yuguradi quchogʻin yozib,
Hozir roʻmolchani topib oldi u.
Bu joy teatrmas. Bu joy ishxona,
Bunda shoh asarlar qayta yozilar.
Yozilar bir raqam, yo soʻz bahona.
Qogʻozmas, qalblarga abad bosilar.
Ishxona — toʻrt qavat beton imorat —
Elsinor qalʼasi bilan egizdir.
Soat oʻn bir yarim... Gʻamgin alanglab,
Kechikib kelmoqda ishga Shekspir...
* * *
Ogʻir. Juda ogʻir. Koʻtarmoq
Koʻzingdagi kuzgi charchoqni.
Qachonlardir roʻy bergan aldoq
Nogoh endi umrni yoqdi!
Hamma narsa asli joyida —
Bir soʻz demas aziz odaming.
(U bosh ekkan taqdir raʼyiga),
Yonar faqat sening olaming.
Panjalaring boshingga changal,
Sochlaringga tushib borar oq...
Ammo mantiq charx urar mujmal:
— Yashayversa boʻladi shundoq.
Qara, qolar bu hayot omon —
Taqdir sinmas, umr otilmas...
Faqat sevgi koʻziga bu on
Qaramoqqa hech kim botinmas.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Oʻzbekiston dunyodagi sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan yetti mamlakatdan biri — BMT hisoboti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring