Yigirma yillik orzular roʻyobi
Uchqoʻrgʻon tumanida tugʻilganman. Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxirida turmush oʻrtogʻimning xizmat vazifasi taqozosi bilan Qirgʻiziston Respublikasida yashash va mehnat qilishga toʻgʻri keldi. Oradan koʻp oʻtmay mamlakatimizda davlat mustaqilligi eʼlon qilingach ona yurtga qaytdik. Xursandchiligimiz cheksiz edi. Lekin, ostonada bizni jiddiy muammo kutib turgandi. Bir muddat sobiq Ittifoqning qizil pasporti bilan yashab yurdik. Koʻp masalalarda huquqimiz cheklangani sezilib qolardi. Oʻqituvchiman, oʻsha yillari men uchun oylik maoshni olish azobga aylangan. Har gal ish haqim uchun viloyat markaziga borish, tegishli idoralar ruxsatini olish va kunlab vaqt yoʻqotishimga toʻgʻri kelardi.
Keyinroq bizga fuqaroligi yoʻq shaxs maqomidagi guvohnoma berishdi. Lekin shuning oʻzi bilan ish bitmadi. Qarang, oʻzingizni oʻzbek, deb hisoblaysiz, kelajagingizni shu yurt bilan bogʻlagansiz, butun salohiyatingizni ishga solishga chogʻlangansiz, amalda buning uchun yoʻl ochilmagan. Esimda, ikki farzandimni roʻyxatga qoʻyish uchun ularni qaynota-qaynotam qaramogʻiga oʻtkazishga majbur boʻlganmiz. Aks holda farzandlarim voyaga yetgach fuqarolik pasportini olishi oson kechmasdi. Chet ellarga sayohatga chiqish yoʻli berkilgandi. Hatto uzoq vaqtlik orzuyim – umra ziyoratiga borish masalasi ham ushalmay keldi. Oʻzbekiston fuqaroligi rasmiy maqomiga erishish qariyb yigirma yildan koʻproqqa choʻzildi. Bu masalada kirmagan joyimiz, murojaat qilmagan idoramiz qolmadi.
Haddan ortiq byurokratiyani deb uzoq payt arosatda yashadik. Mamlakatimizda davlat siyosati oʻzgarib fuqarolik va migratsiya masalalarida qator oʻzgarishlar amalga oshirilgach, 2005-yilgacha Oʻzbekistonga koʻchib kelib, fuqaroligi yoʻq shaxs sifatida istiqomat qilib kelayotganlarga prezident qarorisiz, soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berish tartibi joriy etildi. 2019-yili yuragimdagi armon ushalib, Oʻzbekiston fuqarosi deb atalgan muqaddas hujjatni qoʻlimga oldim. Oʻsha kundagi hayajonimni koʻrsangiz edi. Dadam rahmatli “Qoʻlingda yashil pasportni koʻrsam, armonim yoʻq“, derdilar. Shundan buyon koʻnglim toʻq, boshimni dadil koʻtarib shu yurtning haqiqiy fuqarosi ekanligim, Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan huquqlarimdan toʻlaqonli foydalanib, burchimni bajarib kelayotganimdan gʻururlanaman.
Azizaxon USMONOVA,
Namangan viloyati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring