Izlagan imkon topar

Narpaylik Muzaffar Safarov bolalikdan 1-guruh nogironi. Tugʻma ikkala oyoqlarning rivojlanishdan orqada qolishi tufayli mustaqil harakatlana olmaydi. Lekin u taqdirga taslim boʻlmadi. Nogironligiga qaramay, doim harakatda, izlanishda va oʻz ustida ishlashdan toʻxtamaydi. Tumandagi Oqtosh milliy hunarmandchilik kollejida Radioelektron apparatlarni oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish yoʻnalishida puxta taʼlim olib, shu hunarning chinakam egasiga aylandi. Dastlab faoliyatini oʻzi istiqomat qilayotgan Tortuvli mahallasida qoʻni-qoʻshnilarning elektr uskunalarini tuzatishdan boshladi. Keyinchalik xonadonida sabzavotchilik, chorvachilik va asalarichilikni ham yoʻlga qoʻydi. Muzaffar Safarov mehnatsevar, tirishqoq, irodali inson. Oʻz mehnati orqali oilasini moddiy jihatdan taʼminlab, oʻzi egallagan hunar sirlarini yoshlarga ham oʻrgatib kelmoqda.
– Hayotda oʻz oʻrnimni topishga koʻp qiynaldim. Oʻzimga oʻxshagan muhtojlar va yoshlarga beminnat shu hunarni oʻrgatishga harakat qilyapman, – deydi u. – Mehnatiga yarasha xizmat haqini ham beraman. Hozirgacha elektr uskunalarni tuzatish va ularga xizmat koʻrsatish yoʻnalishida yigirmadan ortiq shogirdlar tayyorladim.
Usta uzoq yillik tajribaga ega. Shu sababli, qoʻshni tumanlardan ham unga elektr va elektron qurilmalarini tuzatish uchun olib keladi. U aholining hojatini chiqarish bilan birga, xonadonida 10 dan ortiq chorva mollari, 5 ta asalari oilalarini boqish, 15 sotix tomorqasida sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirib kelmoqda. Uning xonadoni mahalladagi eng namunali xonadonlardan biridir.
– Kunimiz oʻtib turibdi-ku, degan qarashlarni oʻzgartirish kerak, – deydi oʻz kasbining ustasi M.Safarov. – Boqimandalik eng yomon illat. Toʻrt muchasi sogʻlom boʻla turib, umri bekor oʻtayotganlarni koʻrsam achinaman. Chunki inson mehnati bilan elda aziz. Elektr qurilmalarni sifatli tuzatish va ularga xizmat koʻrsatish hamda tomorqadagi mashaqqatli mehnatlarim evaziga elektr skuter sotib oldim. Endi buyurtma asosida joylarga borib, fuqarolarga xizmat koʻrsatyapman.
Muzaffar aka hunarining ortidan kam boʻlmadi. Oxirgi uch yilda daromadlari hisobiga tuman markazidan yangi qurilgan namunali uylardan birini xarid qildi. U mahallada oʻtkaziladigan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham faol. Xalq xizmati yoʻlidagi mashaqqatli mehnati munosib eʼtirof etilib, “Jasorat” medaliga munosib koʻrildi.
– Imkoniyatim cheklangan boʻlsa-da, oʻzimni sogʻlom odamlardek his qilaman, – deydi u. – Oyoqlarim harakatsiz, ammo qoʻllarim sogʻlom. Hunarmandlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, qishloqda ustaxona ochdim. Mamlakatimizda qoʻlida hunari bor nogironligi boʻlgan shaxslarga alohida eʼtibor qaratilayotganidan xursandman.
Biz nima ham derdik, Muzaffar Safarovga oʻxshab hayotning sinovlariga mardona turib, oʻz hunari va mehnati orqali el duosini olayotgan yurtdoshlarimiz koʻpaysin.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring