Ijtimoiy tarmoqda 150 mingdan ziyod obunachisi bor tomorqachi

Yozyovon tumanidagi “Choʻliguliston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Mirzaolim Xolmirzayev viloyatda mirishkor tomorqachi sifatida tanilgan. Ayni paytda 15 sotixli tomorqasida yiliga 4-marta mahsulot yetishtirayotgan oila aʼzolari 200 million soʻmdan ortiq daromad oladi.
Eʼtiborlisi, Mirzaolim aka oʻz tomorqasida turli sabzavot ekinlari yetishtirish bilan birga, bu boradagi ish tajribalarini boshqalarga ham oʻrgatishga harakat qiladi. Bugungi kunda u asos solgan “Mirzaolim dehqon” YouTube platformasida 150 ming nafardan ziyod obunachi bor.
Unda tomorqani mavsumga tayyorlash, urugʻ tanlash, ekish, parvarishlash, hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha ilmiy-amaliy tajribalar natijalari hamda tavsiyalar berib boriladi.
— Aslida saxiy ona zaminga ega jannatmakon diyorimizda tomorqa juda katta neʼmat, — deydi mirishkor oila sohibi. —Shu bois astoydil mehnat qilgan odam aslo kam boʻlmaydi. Hayotimiz toʻkisligi, farovonligini taʼminlashda bu imkoniyatdan unumli foydalanish zarur.
Tomorqamizda bodring, pomidor, achchiq qalampir, baqlajon, sarimsoqpiyoz, tabiiy darmondorilarga boy koʻkatlar yetishtiramiz. Eng muhimi, bir paytning oʻzida birdaniga ikkita ekin turi parvarishlanadi. Misol uchun, sarimsoqpiyoz koʻchatlari orasiga achchiq qalampir ekiladi. Buning oʻziga xos jihati shundaki, sarimsoqpiyoz poyalari uni issiq haroratdan saqlab, bir maromda rivojlanishiga imkon beradi. Natijada bir paytning oʻzida ham sarimsoqpiyoz, ham achchiq qalampirdan moʻl hosil olish mumkin.
Ayni paytda mahallada “Mirishkor dehqon” tomorqachilik kooperatsiyasi tashkil etilgan boʻlib, bu tomorqa egalariga sarxil urugʻ, koʻchat yetishtirish, sotish va qayta ishlash tizimini bir maqsad yoʻlida birlashtirish imkonini berdi. Bugungi kunda 75 nafar kam taʼminlangan va ijtimoiy himoya daftari roʻyxatiga kiritilganlar kooperatsiya aʼzolari boʻldi.
Aytish joiz, mahalladagi 769 ta xonadon ixtiyorida 47 gektar tomorqa yeri bor. Shu kunga qadar issiqxona tashkil etish istagini bildirgan 58 nafar tomorqachiga 2 milliard soʻm imtiyozli kredit berildi. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasidan qaytgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarga ijara asosida 48 gektar ekin maydonlari ajratib berilishi taʼminlandi. Bu yerda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida poliz va dukkakli ekinlar parvarishi orqali moʻmay daromad olinmoqda.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring