Izboskanda yozuvli olmalar yetishtirilmoqda

13:20 13 Iyul 2021 Jamiyat
2561 0

Izboskan tumanida Tadbirkor nomli bir koʻcha bor. Ismi jismiga monand koʻchada haqiqiy tadbirkor insonlar istiqomat qiladilar. Ular qaysi sohada faoliyat yuritmasinlar, oʻz kasbining ustasiga aylanishgan. Ana shulardan biri boʻlmish Bahodir aka Moʻminov bogʻdorchilikka mehr qoʻygan. 10 sotixli hovlisida 20 tupdan ziyod mevali daraxtlarni parvarishlaydi. Ular orasida hatto 30 yillik nok daraxti ham bor. Har yili mevali daraxtlarning oʻzidan 8-10 million soʻm daromad topadi. Bu yoqda hali uzumzorlari ham bor.

Bahodir aka oʻz kasbining ustasi emasmi, ichki bozordagi erkin raqobatga monand ish qildi. Yaʼni, bir tup olma daraxtida tajriba oʻtkazdi. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsak, u olma mevasi sirtida oʻzi xohlagan yozuvlarni hosil qildi. Bunaqasi hali boʻlmagan, toʻgʻrimi! Shu bois ham endi u bir dona olmani bir necha kilogramm hosil narxida sotish imkoniga ega. Olmachilikda oʻz imzosini yaratishga intilayotgan sohibkor afsuski, buning sirini oshkor qilmadi. Boisi, tajribasi hali yakuniga yetmabdi-da!

Endi tasavvur qiling, uyingizda mehmon kutyapsiz. Dasturxondagi noz-neʼmatlarda mehmonlarning ismi yozilgan boʻlsa! Bu juda qiziq, toʻgʻrimi? Menimcha, shu holatga guvoh boʻlishimizga ham oz qoldi-yov...

Nima boʻlganda ham bugungi kun tadbirkorlari izlanishdan, harakatdan qaytmayaptilar. Bu esa yangi loyihalarni yuzaga keltirib, ularning ijobiy natijasiga sabab boʻlmoqda. Bu boshlanishi! Hali bizni kelgusida bundan-da ajabtovur natijalar kutib turgani aniq!

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?