Isroil Eronning raketa hujumlariga qanday javob berishi mumkin?

Foto: AFP
Isroil Eronning strategik aktivlariga javob hujumini rejalashtirmoqda. Yadroviy inshootlardan tortib to neftni qayta ishlash zavodlarigacha barcha variantlar muhokama qilinadi.
Seshanba kuni Eron Isroil tomonidan “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullohning Bayrutda oʻldirilishi va 31-iyul kuni Tehronda HAMAS siyosiy rahbari Ismoil Haniyaning halok boʻlishi ortidan ikki toʻlqinli ballistik raketa hujumi uyushtirdi.
Isroil armiyasining xabarlariga koʻra, 180 ta raketa zarbasi talafot yetkazmagan. Chunki aksariyat raketalar tutib olingan. Eron Tel-Aviv hududidagi uchta harbiy bazani nishonga olganini daʼvo qilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu zudlik bilan javob qaytarishga vaʼda berdi va Eron katta xatoga yoʻl qoʻyganini maʼlum qildi. AQSH prezidenti Jo Bayden Oq uyda hujumga javob berishni muhokama qilib, Isroilni qoʻllab-quvvatlashini qoʻshimcha qilgan.
Isroil endi vaziyatni yumshatishi yoki AQSH koʻmagida azaliy dushmaniga qarshi turishini tanlashi mumkin. Hujumdan koʻrilgan zarar minimal boʻlganligi sababli, cheklangan javob zarbasini yoʻllashi kutilmoqda. Chunki bunga oʻxshash holat joriy yilning bahorida kuzatilgan edi. 13-aprel kuni Isroilning Damashqdagi konsulligiga hujum uyushtirgani gumon qilinganiga javoban Eron 120 ga yaqin ballistik raketa va 170 ta uchuvchisiz uchuvchi samolyotni uchirgan hamda Isroil janubidagi harbiy bazaga kichik miqdorda zarba berilgan edi. Oradan bir necha kun oʻtib, 18-aprel kuni Isroil Isfaxondagi Artesh havo kuchlari bazasiga zarba berib, uzoq masofali S-300 havo mudofaa tizimining bir qismini yoʻq qilgandi.
Lekin bu safar Eron hujumining koʻlami va ballistik raketadan foydalangani sababli Tel-Avivning “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimidan oʻtib ketgan. Tahlilchilar fikriga koʻra, shu sababli ham Isroilning javobi aprel oyidagiga qaraganda yirikroq boʻlishi ham mumkin. Bu esa Eron kuchlarini Isroil va uning eng katta ittifoqchisi AQSH bilan toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilikka tortishi mumkin.
Ekspertlar aytishicha, Gʻarb vaziyatning keskinlashuvida Eronni ayblamoqda. Bu Isroil uchun maʼqul keladi, chunki u dunyoni Gʻazoda qilayotgan ishlaridan chalgʻitib, Eronga qarshi koalitsiya yordamini safarbar qila oladi.
Isroil qanday nishonlarni nishonga olishi mumkin?
Isroil rasmiylarining ommaviy bayonotlariga koʻra, qaysi obyektlarga zarba berish haqidagi variantlar stol ustida. Masalan yadroviy va neft ishlab chiqarish obyektlariga zarbalar berish, Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga maqsadli suiqasdlar va harbiy aktivlarga aniq reydlar uyushtirilishi mumkin. Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennett esa Eronning yadroviy inshootlariga hal qiluvchi zarba berishga chaqirdi.
“Biz Eronning yadroviy dasturini, uning markaziy energetika obyektlarini yoʻq qilish va bu terrorchi rejimni halokatli tarzda yoʻq qilish uchun hozir harakat qilishimiz kerak”, — deb yozgan Bennet “X” ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Natanzdagi uranni boyitish majmuasi va Isfaxon yadro texnologiyalari markazi Eron yadroviy dasturining markazida joylashgan ikkita majmua hisoblanadi. Chorshanba kuni Bayden Isroilning Eron yadroviy inshootlariga zarba berishini qoʻllab-quvvatlamasligini maʼlum qildi. Shuningdek, ekspertlarga koʻra, Tehronning yadroviy inshootlarining aksariyati chuqur yer osti va togʻlar ostida joylashgan boʻlib, Isroil uchun ularga zarba berish oson boʻlmasligi mumkin.
Shuning uchun qattiq himoyalangan yadroviy maydonlarga qaraganda kamroq qoʻriqlanadigan neft konlari muqobil harbiy nishonlar boʻlishi kutilmoqda. Eron hukumati mamlakatdagi ogʻir iqtisodiy vaziyat yuzasidan xalq bosimi ortib borayotgan bir paytda Eronning daromadli neft sektoriga zarba berish ham Isroilning siyosiy foydasiga oʻynashi mumkin.
Eron harbiy-dengiz bazasi obyektlari va Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi dengiz kuchlari Isroil uchun boshqa potensial nishonlardir. Eron poytaxti Tehron bilan bir qatorda, asosiy energiya infratuzilmasi va Eron dengiz floti inshootlari joylashgan Bandar-e Busher port shahri muhim markaz hisoblanadi.
Yana boshqa bir variant esa Tel-Aviv Eron rahbarlariga qarshi qotilliklarini davom ettirishidir. “Reuters” xabariga koʻra, Isroil oʻtgan hafta Bayrutga bergan zarbasi oqibatida “Hizbulloh” rahbari Nasrullohning oʻldirilishi ortidan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy kuchaytirilgan xavfsizlik sharoitida Eron ichidagi xavfsiz joyga olib ketilgan.
“Agar aqldan ozgan sionistik rejim Amerika va Yevropa tomonidan toʻxtatilmasa hamda bu kabi jinoyatlarni davom ettirish yoki suverenitetimiz, hududiy yaxlitligimizga qarshi biror narsa qilish niyatida boʻlsa, operatsiya yanada katta hajmda takrorlanadi va biz ularning barcha infratuzilmasiga zarba beramiz”, — degan Eron qurolli kuchlari qoʻshma shtabi boshligʻi general Muhammad Bagʻiriy.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring