Internet: oqmi yoki qora?

14:28 07 Noyabr 2025 Jamiyat
281 0

Bugungi kunda tafakkuri tiniq insonga internet kundalik beminnat dastyorga aylanib ulgurdi. Uning imkoniyatlaridan foydalanib, zarur maʼlumot, mahsulot va boshqa xizmatlarni olmoqda. Olisdagi suhbatdoshi bilan muloqotga kirib, bahslashmoqda. Ziyolilar internet oʻzi uchun nimaga kerakligini yaxshi biladi, undan pul sarflab foydalanarkan, puliga kuyib qolmaganiga ishonchi komil. Biroq “Axborot asri” deb atalayotgan hozirgi zamonda maʼlumot olish va axborot almashishning qulay vositasi hisoblansa-da, bu tarmoqda oq bilan qora, ezgulik bilan yovuzlik bir joyga toʻplanganki, baʼzi qabihliklarni kuzatib yoqa ushlaysiz. Jaholat shu qadar ustalik bilan niqoblanganki, haqiqatni yolgʻon, maʼrifatni bidʼatdan ajratish qiyin. Hozirgi til bilan aytsak “Oʻrgimchak toʻri”da buzgʻunchi gʻoyalar targʻiboti va terrorga chaqiriqlar juda koʻp.

— Sogʻlom aql egalari internet qulayliklaridan oʻz bilimlarini oshirish va dunyoqarashini kengaytirishda toʻgʻri foydalanmoqda. Lekin baʼzilar tarmoqdagi yovuzlik, maʼnaviy tanazzulga sabab boʻladigan, aqidaparastlikni targʻib qiladigan saytlarga kirib, oʻzlarining va atrofidagilarning ongini zaharlayotgani achinarlidir, — deydi falsafa fanlari doktori Nigora Safarova. — Mazkur tarmoqlarda oʻzini-oʻzi oʻldirishning bir necha usullari bir necha tarmoqlarda bayon etiladi. Yuzma-yuz suhbatda bu haqida soʻralsa, har qanday razil kishi ham suhbatdoshini bu soʻnggi choradan qaytarishga hech boʻlmasa urinib koʻrishi tayin. Ammo ayrim ijtimoiy tarmoqlarning bu boradagi “kimoʻzar”ini nima bilan izohlash mumkin? Terrorchilik kayfiyatidagi shaxslarning ijtimoiy tarmoqlarda olib borayotgan targʻibot tashviqotlari kundan kunga oshib, “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Instagram”, “Twitter” hamda “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlarida buzgʻunchilik, yot gʻoyalarni targʻib qiluvchi yuzlab guruhlar mavjudligi fikrimizning dalilidir.

Ilgari ISHID terrorchilari ham oʻzlarining qabih niyatlarini amalga oshirishda internetdan ustalik bilan foydalanib, aldamchilik, koʻzboʻyamachilik bilan ishlangan videotasvirlarni tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishni konveyerga aylantirishgandi. Ularni koʻrgan gʻoʻr, ilmsiz kishilar toʻrga tushganini bilmay “al-Hayot” media studiyasida tayyorlangan videolavhalarni tomosha qilishgan. Yuqori sifat va mahorat, katta tajriba, malakaga ega boʻlgan mutaxassislar tomonidan ishlab chiqarilgan bu mahsulotlar qanchadan-qancha yurtdoshlarimizning ham umriga zomin boʻldi. Terrorchilikka asoslangan guruhlar, faoliyati taʼqiqlangan mutaassib oqimlar tomonidan tayyorlangan bunday videoroliklar konveyeri bir lahza ham toʻxtagani yoʻq. Uning ortida albatta, manfaatdor kuchlar turibdi. Ayni shu kuchlar ushbu xunrezliklarni amalga oshiruvchilardir. Ular uchun odam savdosi kabi transmilliy illatning jabrdiydalari nihoyatda qulay “xom-ashyo”. Sarson-sargardonlikda noinsoniy munosabatlardan diydasi qotgan bunday nafs qullari, odatda pul uchun har qanday pastkashlikdan qaytmaydi.

  • Inson oʻz hayotida nimani qadrlashi kerakligini unutmasligi lozim, — deya davom etadi N. Safarova. — Qadriyat tushunchasining mohiyati shu. Tinchlik, farovonlik, shaxs erkinligi barcha zamonning oliy qadriyati hisoblangan. Bugungi kunda ushbu tushunchalar toptalayotganligi, insonning ichki olami uchun kurashlar kechayotganligini kuzatish mumkin. Misol uchun navoiylik fuqaroning sobiq qaynota, qaynona va turmush oʻrtogʻini yuk mashinasida bosib oʻldirgani haqidagi jinoyatlari barcha tafsilotlari bilan hikoya qilinib, kunning ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylandi. Jazo muqarrarligini namoyish etilganligini inobatga olmasak, maishiy asosdagi bu kabi jinoyatlar tafsilotlari odamlarda achinish hissini ham oʻtmaslashtirib yubormoqda. Albatta, ijtimoiy tarmoqlardan kim nima axtarsa, oʻshani topadi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov yozganidek:

Illat izlaganga illatdir dunyo,

Gʻurbat izlaganga gʻurbatdir dunyo.

Kim neki izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo...

Xalqaro Assotsiatsiyalar Ittifoqining maʼlumotiga koʻra, bugun insoniyat roʻyi zaminda 13 mingdan oshiq global muammolarga roʻbaroʻ turibdi. Yechimli va yechimsiz, mintaqaviy va global ushbu muammolarning barchasi Hazrati inson tufayli yuzaga kelgan. Har birini bartaraf etishga ikki yildan sarflansa ham 26 ming yil muddat kerak boʻlarkan. Biroq axborot xurujlari har qachongidan ham yuqoriroq shiddat olgan zamonamizda hamkasblarimiz muammolar qolib, ularning yechimiga bagʻishlangan sammitlarda qaysi rahbar kim bilan yonma-yon suratga tushdi-yu, global siyosatda yuqori mavqega ega mamlakatlar rahbarlari sammitga tashrif buyurgan rivojlanayotgan davlatlar rahbarlari bilan qoʻl berib salomlashmaganligi xususidagi mulohazalarga urgʻu qaratishadi. “Layk yigʻuvchi”lar uchun shunisi muhim. Lekin shu masxara qilishlar ortida qaysidir rahbar, millat va davlat tuzumini pastga urish, unga nisbatan norozilik kayfiyatini uygʻotish manfaatlari yashiringan.

Esingizdami, telekanallar Rossiyaning Dengizboʻyi oʻlkasi zooparklaridan birida Amur yoʻlbarsi oʻziga oziq uchun tashlangan echki bilan doʻstlashib, yirtqich “mahkum”ni yeyishni xayoliga ham keltirmayotganligini jonli tasvirlarda namoyish etishgandi. Hayratdan yoqa ushlaydigan mazkur hodisa kishini mushohadaga chorlaydi. Dunyo qalqib turgan zamonamizda ikki maxluqning murosa koʻchasini tanlagani ehtimol yaratganning insonlarga ibrat ishorasidir. Mazkur voqelikning ibratomuz qirralaridan biri sifatida yoʻlbars nafsiga razm solsak, jonivorning qorin gʻamidan yuqoriroqqa koʻtarilgani dahshatga soladi. “Kimning uyi kuysa kuysin, mening qozonim qaynasin”, tamoyili asosida oʻzini oʻtgayam, choʻqqayam urayotganlarga ibrat emasmi, bu!

Axborot xuruji va yangi-yangi axborot texnologiyalari avj olgan zamonamizda boʻshliq paydo boʻlgan makon zudlik bilan zabt etilmoqda. Insoniyat OITSga qarshi yaqin orada samarali vosita topsa neajab, biroq axborot xurujlarining ishonchli qalqonini yaratish tobora mushkullashib bormoqda. OITSni bejiz tilga olmadik. Boisi inson vujudini ishdan chiqaradigan mazkur xastalikni davolash qiyin boʻlsa-da, undan saqlanish yoʻli oddiygina, yaʼni sogʻlom turmush tarzi. Shuningdek, inson maʼnaviy immunitetini vayron qiladigan zararli tarmoqlardan himoyalanish ham oson – ulardan foydalanmaslik. Tabiiyki, bu yoʻnalishdagi tushunchalar har bir kishiga yoshligidanoq, maktab partasi ortidayoq singdirilishi lozim.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?