Ichki ishlar vazirligi tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi
“Yoʻqolgan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (28-son, 18.01.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra:
— Ichki ishlar vazirligi tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi;
— 2022-yil 1-martdan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yoʻqolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarishyoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladi;
— bu boʻyicha murojaatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.Bunda oʻzining yoki yaqin qarindoshlarining (eri yoki xotini, farzandlari, nevaralari, aka-uka va opa-singillari) yoʻqolgan ashyolarni topish boʻyicha jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari Markazga shaxsan kelib yoki YAIDXP orqali murojaat qiladi.
Soʻrovnoma toʻldirilib, unga yoʻqotib qoʻyilgan ashyoning alohida belgilarini aks ettiruvchi fotosuratlar, elektron maʼlumotlar, agar ashyo hujjat boʻlsa, uning nusxalari ilova qilinishi mumkin.
Topib olingan ashyolar Markazda 6 oy davomida saqlanadi.
Agar bu vaqt ichida topilmani olishga haqli boʻlgan shaxs aniqlanmasa, ashyoni topib olgan shaxsga uning ashyoga nisbatan mulk huquqi vujudga kelganligi toʻgʻrisida xabar beriladi.
Ashyoni topib olgan shaxs uni qabul qilib olishni rad etgan taqdirda, ashyo davlat mulkiga oʻtadi hamda 3 ish kunida “E-auksion” savdo maydonchasida elektron auksionga qoʻyiladi.
Markazga kelib tushgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, guvohnomalar va turli xil rasmiy hujjatlar 1 oy ichida egalari tomonidan talab qilinmagan taqdirda, ushbu hujjatni bergan tashkilotga yuboriladi.
Yoʻqolgan ashyoning topilmaganligi haqida maʼlumotnoma berilganligi uchun BHMning 5 foizi (13 500 soʻm) miqdorida toʻlov undiriladi.
YAIDXP orqali murojaat etilganda miqdor 10 800 soʻmni tashkil etadi.
Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan berilganda, toʻlov BHMning 2 foizi (5 400 soʻm) miqdorida undiriladi.
Mazkur tartib jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarliklar oqibatida yoʻqolgan ashyolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Markazga xususiyati buziladigan, biologik tarkibga ega boʻlgan, turi, shakli, miqdori oʻzgaradigan ashyolar, isteʼmol qilinadigan mahsulotlar, avtomototransportlar, dori vositalari, qattiq taʼsir qiluvchi zaharli moddalar, psixotrop va giyohvandlik vositalari, ularning prekursorlari, portlovchi va pirotexnik moddalar, qurollar va ularning oʻq-dorilari, shuningdek, hayvonlar qabul qilinmaydi.
2022-yil 1-martgacha yoʻqolgan ashyolarni qidirish, topilmalar haqida maʼlumot olish imkoniyatini nazarda tutuvchi “Topilmalar” avtomatlashtirilgan qidiruv tizimi joriy etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring