Oʻzbekistonda anomal issiq qachon kuzatilishi maʼlum. Bunga Energetika vazirligi tayyormi?

19:23 20 Iyun 2024 Iqtisodiyot
525 0

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatimizda joriy yozdagi anomal issiq qachon boʻlishiga oid prognozlarini eʼlon qildi. Xabarda aytilishicha, joriy yilning iyul va avgust oyi boshlarida gʻayritabiiy (anomal) issiqlik davrlari kuzatilishi mumkin.

“Baʼzi kunlarda harorat uzoq muddatli oʻrtacha qiymatlardan sezilarli darajada koʻtarilishi mumkin, ehtimol bu vaziyat mintaqada vujudga keluvchi termik depressiya jarayoni taʼsiri bilan uzviy bogʻliq”, deyiladi prognozda.

Taxminiy anomal issiq kuzatilmaydigan hududlar nomlari ham aniq. Fargʻona vodiysi, Toshkent viloyati togʻli hududlari hamda Surxondaryo viloyatida butun yoz davomida havo harorati koʻp yillik iqlimiy meʼyor koʻrsatkichlariga yaqin boʻladi.

“Termik depressiya – bu yozgi sinoptik jarayon boʻlib, Markaziy Osiyoning janubi-sharqida past bosimli hudud paydo boʻlishi, quruq-jazirama issiq ob-havo bilan tavsiflanadi (bu davrda Markaziy Osiyo tekislik hududlarida havo harorati +44…+46 darajaga, baʼzi hollarda, +48 darajagacha yetishi mumkin)”, deb xabar beradi institut matbuot xizmati.

Bundan bir yil muqaddam Energetika vazirligi anomal issiq sababli mamlakatdagi elektr energiyasi isteʼmoli haddan ortiq oshib ketganini va shu tufayli elektr uzatishda uzilishlar boʻlayotganini maʼlum qilgan edi. Bunday uzilishlarni bartaraf etish koʻp vaqt olishi, kutilmagan keskin iqlim sharoiti murakkabliklar keltirib chiqarayotgani maʼlum qilingandi.

Bizningcha, shov-shuvlarga sabab boʻlgan prognoz Energetika vazirligi uchun ogohlantiruvchi qoʻngʻiroq boʻlishi zarur. Ular anomal issiq davrida elektr isteʼmolining oshishini hisobga olgan holda profilaktika ishlarini olib borishi, har qanday holatga tayyor turishlari zarur.

Bu yurtdoshlarimizni issiq kunlarda elektr uzilishlardan himoya qilish bilan bir qatorda, mamlakatdagi kichik biznes va tadbirkorlarni qoʻllab quvvatlash uchun ham ahamiyatlidir. Yodga oladigan boʻlsak, 2023-yil yoz oylarida roʻy bergan elektr uzilishlari natijasida kichik tadbirkorlik subyektlarida mahsulotlari achib qolgan edi. Shuningdek, eng achinarlisi, yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarning ahvoli ham yomonlashgan edi.

2022-yilda Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish loyihasi direktori oʻrinbosari Bahrombek Umarbekov Qalampir.uz bilan suhbatda “Xalqimiz boyib ketdi, hammada konditsioner. Yozda kun isib ketsa, hamma konditsioner yoqadi va birdan elektr yetishmovchiligi seziladi”, degan edi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgandi.

Avvalroq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер