Hunar boʻlsa qoʻlingda...

20:14 10 Dekabr 2025 Jamiyat
234 0

Bu mehridaryo maskanda qoʻli va qalbi gul kashtadoʻzni hamma Nodirabegimga qiyoslashadi. Boisi u hunari orqali mashhur. Shogirdlari bilan tayyorlayotgan rang-barang turdagi mahsulotlari uzoq-yaqin xorij davlatlarda xaridorgir.

Oʻn yildan buyon Fargʻona viloyati ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazida istiqomat qilayotgan Nodiraxon bolaligidan kashtachilikka mehr qoʻygan. I guruh nogironi boʻlishiga qaramay, u mazkur maskandagi kashtachilik va tikuvchilik sexiga bosh-qosh. Hozirgi kunda oʻttiz nafardan ziyod shogirdlarni tarbiyaladi. Bugun ularning aksariyati kasanachilik asosida uylarida kashta tikib, ustoziga olib kelishadi. Bu mahsulotlar savdoga chiqarilib, daromaddan ortganiga esa yangi mahsulotlar tayyorlash uchun xomashyo olinadi.

Halovat maskanida istiqomat qiluvchi Sobitjon Xoliqov, Inobat Moʻydinova, Ilhom Mirzayev va Shafoat Qoʻchqorova shu yerda oila qurgan. Ayni paytda markazda yashashadi, ularga alohida xona ajratib berilgan. Nodira boshchiligidagi chevarlar ularga eng yaxshi kashtalarini sovgʻa qilishdi. Toʻyning, yangi oilalarning bezagiga aylangan ushbu kashtalar bugun uylarining toʻrida saqlanmoqda.

Nodira oʻtgan yili Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Shu yilning sentyabr oyida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida “Qadimiy hunar turini tiklagan hunarmand” nominatsiyasi gʻolibi sifatida eʼtirof etildi. Yaqinda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Fargʻona viloyati boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkillangan auksionda Nodira boshchiligida tikilgan katta kashta 17 million, chopon 13 million soʻmga sotildi. Uning tikkan mahsulotlari oʻtgan yili Italiyaning Milan shahrida tashkil etilgan xalqaro koʻrgazmada hakamlar va tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi. Dunyo modalari markazi hisoblanuvchi Milanda milliy ruhdagi kashtalari, chopon va soʻzanalari barchaning hayratini oshirdi.

— Mehr va ishtiyoq bor joyda har qanday ishda imkoniyat cheklangani toʻsiq boʻlolmaydi, — deydi Nodira Usmonova. — Hunarim orqali dunyo kezyapman. Milandagi koʻrgazma bahonasida Italiya shaharlari boʻylab sayohat qildim, qoʻshni Fransiya va Shveysariya davlatlariga bordim.

Kashtachilik sexida mehnat simfoniyasi jarang sochadi: qadrdon ohanglar aslo mungli emas, aksincha sururli, shukuhlidir. Nodiraning yelkadoshlari Mukarram Alimqulova, Masrura Boboyeva, Inobatxon Moʻydinova, Gulixon Irisovaning zargarona mahoratiga hamohang zebo, zarif qoʻshiqlar. Kashta, soʻzanaga chiroy baxsh etayotgan matonat, tiyrak nigohlarda orzu va armonlar mushtarakligi, qalb qoʻri bilan yanada nafis, serjilo bezaklar...

– Fargʻona viloyati ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazida qariyb 150 nafar vasiylikka olinganlar yashaydi, – deydi markaz rahbari Nigora Asqarova. – Ular I va II-guruh nogironlari, oʻzgalar parvarishiga muhtojlar. Bu insonlarning oʻz olami, rangin dunyosi bor. Shu sababli har biri bilan alohida ishlash, dardiga malham topish, quvonchi-yu tashvishiga sherik boʻlamiz. Jamoa allaqachon bitta oilaga aylangan. Eʼtibor va ragʻbat tufayli birgina joriy yilda markazimizdagi ikkita boʻlim toʻliq rekonstruksiya qilindi. Qishki basseyn, kutubxona, tadbirlar zali, xodimlar uchun kiyinish va uchrashuvlar xonasi taʼmirlandi. Bunday xayrli ishlar uchun 17 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflandi. Hozirgi kunda markazda 100 nafardan ortiq xodim mehnat faoliyatini olib boradi. Ish jarayonidan tashqari paytda doimiy ravishda tibbiy va psixologik muolajalar yoʻlga qoʻyilgan.

Markazda kulolchilik, elektr uskunalarini taʼmirlash, tabiiy mahsulotlardan oʻyinchoq yasash, sholcha toʻqish, charm mahsulotlari yasash, kashtachilik, tikuvchilik sexlarida hayot joʻshqin. Bu yerda ishlovchilarning xatti-harakati, tirishqoqligi toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, boqimanda, loqaydlarga chinakam ibrat.

— Bu yerda yaxshi doʻstlar orttirdim, hunar oʻrgandim, —deydi Shohista Ermatova. —

Ayni paytda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazidan chiqib, mustaqil hayot kechirishni istovchilarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Davlat tomonidan koʻmak koʻrsatish tizimi davomli boʻlishi taʼminlangan. Oʻtgan yili markazimizda yashovchilardan olti nafari mustaqil hayot kechirishga qaror qildi. Shu tarzda markaz roʻyxatidan chiqarilgan boʻlsa-da, ularga eʼtibor va moddiy-maʼnaviy koʻmak berilmoqda.

Ha, ardoqli shoirimiz aytganidek, hayot kimga asal, qand bersa, baʼzi birovlarga pand beradi. U hammaning ham boshini birdek mehr bilan silamaydi. Tinimsiz intilishi, gʻayrat-shijoati, matonati bilan kurashga chogʻlanganlar shunga munosib tarzda mukofotlanadi. Zero, hayot kurashlardan iborat. Oʻzini har kuni kurashga chogʻlamagan inson magʻlubdir.

Botir MADIYOROV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?