Hokimning jurnalistlar bilan muloqoti

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Haqiqatni dadil koʻtarib chiqadigan jurnalistlarni xush koʻradigan hokim Samarqand viloyatida qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish va bunyodkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari bilan matbuot anjumani oʻtkazdi. Erkin muloqot tarzida kechgan uchrashuvda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev shahardagi tirbandliklarga yechim topish, allomalar mangu qoʻnim topgan manzillarni obod qilish, Shirin shaharchasi, temiryoʻl ortidagi buzilish ishlari, Mahdumi Aʼzam, Imom Moturidiy ziyoratgohlaridagi obodonlashtirish, shahar hududida yashil parklar barpo etish, Urgut tumaniga olib boriladigan temiryoʻl qurilishi borasida toʻxtalib oʻtdi.
Tadbirda dastlab yirik loyihalardan biri — “Shirin” ishbilarmonlik markazi haqida maʼlumot berildi. Mazkur markaz va turarjoylar majmuasini barpo etish uchun Zarafshon daryosi boʻyida 665 gektar yer maydoni ajratilgan. Samarqandda zamonaviy ishbilarmonlik muhitini yaratishda, turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu megaloyiha doirasida zamonaviy meʼmoriy yechimlar va ilgʻor qurilish texnologiyalaridan foydalangan holda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Bu maskanda anjumanlar saroyi, qator savdo majmualari, mehmonxonalar, taʼlim muassasalari, ishbilarmonlik markazlari, xizmatlar koʻrsatish va turizm inshootlari, maʼmuriy idoralar barpo etilishi koʻzda tutilgan.
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Moturidiy majmuasini kengaytirish va obod qilishda uy-joyi koʻchirilayotgan har bir oilaga turar joy, kompensatsiya mablagʻi beryapmiz, — dedi viloyat rahbari. — Mahdumi Aʼzam ziyoratgohi Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan. 4,7 gektar maydondan iborat. Samarqand shahridagi 2,2 gektar hududda restavratsiya va rekonstruksiya ishlari boshlangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston koʻchasidagi harbiy gospital oʻrnida aholi uchun dam olish maskani, istirohat bogʻi tashkil etiladi. 5,4 gektar hududda koʻp yillik manzarali daraxtlar mavjud va loyihaga koʻra, ular toʻliq saqlab qolinadi, bogʻning asosiy qismini yashil maydon tashkil etadi. Hududdagi madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olingan binolarga zarar yetkazilmagan holda ulardan muzey, kutubxona, kreativ toʻgaraklar sifatida foydalaniladi. Bogʻ hududida pavilyonlar, yopiq va ochiq attraksionlar, nuroniylar maskani, sport va sogʻlomlashtirish maydonchalari tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida Samarqand shahridan Urgut tumaniga tortilayotgan temiryoʻl tarmogʻi haqida ham soʻz bordi. Joriy yilda ushbu temir yoʻl qurilishiga kirishilgandi. Uzunligi 55 kilometr boʻlgan yangi tarmoq Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan 4R-238 avtomobil yoʻlini kesib, Zarafshon daryosi boʻylab oʻtadi. Ushbu daryo ustida barpo etiladigan koʻprik orqali Urgut tumaniga boradi. Hozirda temiryoʻl oʻtadigan 55 kilometr yoʻlning 45 kilometriga temiryoʻl tarmogʻi tortish uchun qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlar faollarining mavzular yuzasidagi savollariga batafsil javob berildi, takliflar eshitildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring