Hokim aholiga murojaat yoʻlladi

19:24 14 Dekabr 2021 Jamiyat
999 0

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil yetakchilik qilmoqda. Buni shu kunlarda hududlarda boʻlib oʻtayotgan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida hokimlarning murojaatlar yoʻllayotganliklari misolida ham koʻrish mumkin.

Xususan, xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi sessiyasida shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev aholiga murojaat qilar ekan, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalarga alohida urgʻu qaratdi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda Termiz mamlakatimizning janubdagi gavhari oʻlaroq ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanayotgan shaharga aylanib boryapti. Keng va ravon yoʻllar, yangi qad rostlayotgan koʻp qavatli turarjoylar, madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda va yaratilayotgan qulay shart-sharoit aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotir.

Yuksalish va yangilanishlar haqida soʻz yuritganda shaharning oʻsish nuqtalari qaysi, degan savol tugʻiladi. Bu, shubhasiz, sanoat va xizmat koʻrsatish sohalari hisoblanadi.

Joriy yil yakuni bilan sanoat mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi 1 trln. 293 mlrd.soʻmni tashkil etishi kutilmoqda. Bu koʻrsatgich aholi jon boshiga hisoblanganda 6 mln. 580 ming soʻmga yetadi. Kelgusi yilda ushbu raqamlar yanada ortib, aholi jon boshiga 8 mln. 341 ming soʻmga yetkazilishi rejalab olingan.

Xuddi shuningdek, bu yil yakuni bilan xizmatlar hajmi 2 trln. 870,9 mlrd. soʻmga yetkazilib, reja koʻrsatgichi 126 foizga bajariladi. 2022-yilda qiymati 447.5 mlrd. soʻmlik 35 ta yangi loyihani ishga tushirish hisobiga 566 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Natijada xizmat koʻrsatish hajmi 3 trln. 649,6 mlrd. soʻmga ortadi.

Murojaatda shular xususida atroflicha maʼlumot berildi. Shu bilan birga, kelgusi yili birgina kichik biznes subyektlarini yangidan tashkil etish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga chakana savdo aylanmasi hajmini 3 trln. 284,2 mlrd. soʻmga oshirish chora-tadbirlari koʻrilayotgani maʼlum qilindi. Shaharda qurilish-pudrat sohasi ham jadal rivoj topmoqda. Kelgusi yili qurilishi rejalashtirilgan 33 ta koʻp qavatli uy-joy hamda yangi loyihalar hisobiga qurilish va pudrat ishlari hajmini 1 trln. 667,1 mlrd. soʻmga yetkazish maqsad qilingani ham shundan dalolat beradi.

Olib borayotgan saʼy-harakatlar tub negizida aholi bandligini taʼminlash, ular real daromadini koʻpaytirish, farovonligini oshirish maqsadi mujassam. Shahar hududida amalga oshirilgan yangi loyihalar evaziga jami 2 500dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi. Bu qanoatlantiradigan daraja emasligi ham murojaatda aytib oʻtildi.

Mamlakatimizda yoshlar bilan tizimli ishlash va ularning muammolarini hal qilish uchun dunyodagi bironta davlatda boʻlmagan, yangi tizim - “Yoshlar daftari” elektron platformasi va jamgʻarmasini tashkil etib, uning moliyaviy manbalarini yaratilgan. Mazkur yangi tizim asosida Termiz shahrida ham sektor rahbarlari tomonidan joriy yilda 161 ta “Yoshlar uchrashuvlari” va yoshlar ishtirokida sayyor qabullar oʻtkazildi. “Yoshlar jamgʻarmasi”ga hozirgi vaqtga qadar 2 mlrd. 615 mln. soʻm mablagʻ jamgʻarilib, 2 mlrd 420 mln. soʻm sarflandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 271 nafar yoshlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatilib, “Talabaga madad” loyihasi doirasida va “Temir daftar”da turgan oilalardagi oliy taʼlim muassasalari taʼlim olayotgan 70 nafar yoshlarning shartnoma toʻlovi bir qismi toʻlab berildi. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga alohida eʼtibor qaratilib, 969 nafar yoshlarga jami 28 mlrd. 471 mln. soʻm kredit ajratildi.

Termiz shahrida asosan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi turli qatlami oʻrtasida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, mavjud muammolarga duch kelgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash ishlari iqtisodiyotning oʻsish suratlarini yana oshirayotir. Buni raqamlar ham koʻrsatmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan bugunga qadar 58 ta tadbirkorga 14,5 mlrd. soʻmlik amaliy yordamlar berilgan. 3 309 ta tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan barcha moliyalash manbalari hisobidan jami boʻlib 715,3 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratildi. Mazkur tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar hisobiga tadbirkorlar tomonidan 1644 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

Sessiya shu kabi natijalar bilan birga, galdagi vazifalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi hamda qator taklif va mulohazalar oʻrtaga tashlandi. 

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?