Hindistonda vaksinasi mavjud boʻlmagan oʻlimli virus tarqalishi qayd etildi

10:56 26 Yanvar 2026 Dunyo
119 0

Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida davosi va vaksinasi mavjud boʻlmagan Nipax virusi tarqalishi aniqlandi. Bu haqda The Economic Times xabar bermoqda.

Gʻarbiy Bengaliya shtatida virus bilan zararlanishning beshta holati qayd etilgan boʻlib, ulardan uchtasi oʻtgan hafta roʻyxatga olingan. Jabrlanganlar orasida shifokor, hamshira va tibbiyot muassasasi xodimi bor.

Yana ikki nafar hamshira Kalkutta yaqinidagi xususiy shifoxonada Yangi yildan keyin darhol virusga chalingan. Ayollarda yuqori harorat koʻtarilgan va nafas olish bilan bogʻliq muammolar kuzatilgan.

Zararlanganlardan biri komaga tushgan. U tahlillar oʻtkazilishidan oldin vafot etgan bemorni davolash jarayonida virusni yuqtirgan boʻlishi mumkin. Ayrim OAVlar mazkur ayol ham vafot etgani haqida yozmoqda. Shuningdek, 100 nafar inson karantinga olingani maʼlum qilingan.

Qayd etilishicha, avval ham Hindistonning Kerala shtatida Nipax virusi tarqalishi kuzatilgan. 2024-yilda ushbu hududda virus yuqtirgan ikki nafar bemor halok boʻlgan.

Nipax — oʻta xavfli, oʻlimga olib keluvchi virus boʻlib, unga qarshi vaksina yoki samarali davo usuli mavjud emas. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti uni yuqori xavfli patogenlar qatoriga kiritgan. Oʻlim koʻrsatkichi 40–70 foizni tashkil etadi, chunki virus miya shishini keltirib chiqaradi. Insonlarda yuqish holatlari kam uchraydi, koʻpincha virus koʻrshapalaklar yoki ifloslangan mevalar orqali yuqadi.

Asosiy alomatlar — yuqori harorat, bosh va mushak ogʻriqlari, kuchli charchoq. Kasallik yoʻtal, nafas qisilishi va oʻpka yalligʻlanishi (pnevmoniya) bilan ham kechishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?