Hamkor davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni qutlamoqda

15:42 24 Iyul 2025 Siyosat
161 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan hamkor davlatlar rahbarlari nomidan tabriklar kelishda davom etmoqda.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, aziz qardoshim!

Tavallud kuningiz munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllashdan mamnunman.

Siz olib borayotgan uzoqni koʻzlagan va chuqur oʻylangan siyosat tufayli Oʻzbekiston Respublikasi har tomonlama rivojlanib, barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishdi, iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab, xalqaro maydonda katta obroʻ-eʼtibor qozondi. Bularning barchasi Sizning buyuk davlat arbobi sifatidagi mashaqqatli faoliyatingiz va tinimsiz xizmatlaringizning bevosita natijasidir. Qardosh Oʻzbekiston Sizning qatʼiy rahbarligingizda yildan-yilga yangi muvaffaqiyatlarga erishib, jahon miqyosida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani bizni chin dildan quvontiradi va gʻururlantiradi.

Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi xalqlarimizning qardoshligi, tarixi va milliy-madaniy qadriyatlariga asoslangan koʻp qirrali aloqalarning bugungi yuksak darajaga koʻtarilishida shaxsan Siz katta rol oʻynadingiz. Sizning mamlakatlarimiz birdamligi va ittifoqchiligi yoʻlidagi qatʼiy va fidokorona faoliyatingiz Ozarbayjonda Sizga nisbatan chuqur hurmat va xayrixohlik tuygʻularini uygʻotdi.

Sizning yaqinda Ozarbayjonga davlat tashrifingiz davomida boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvimizni, oʻzaro ishonch, anglashuv va samimiyat ruhida oʻtgan fikrlashuv va muloqotlarimizni iliqlik bilan eslayman. Ozarbayjon va Oʻzbekiston Oliy davlatlararo kengashining ikkinchi yigʻilishi yakunlari, tashrif doirasida qator sohalarga oid hujjatlar imzolangani va muhim kelishuvlarga erishilgani tahsinga sazovor.

Aziz qardoshim,

Men oʻrtamizdagi samimiylik, doʻstlik va birodarlik tuygʻularini doimo yuksak qadrlayman hamda muntazam muloqotlarimiz, suhbatlarimiz va birgalikdagi ishlarimizdan katta mamnuniyat izhor etmoqchiman.

Ishonchim komilki, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan doʻstlik, qardoshlik va ittifoqchilik munosabatlari birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli bundan buyon ham yuksalib, yangi mazmun bilan boyib boraveradi.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizni yana bir bor samimiy tabriklab, Sizga va oilangizga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, baxt-saodat, qardosh Oʻzbekistonning ravnaqi, farovonligi va yanada taraqqiy topishi yoʻlidagi yuksak davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tilayman.

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezident

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling.

Oʻzbekiston Respublikasining davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro maydondagi nufuzini oshirish borasidagi muvaffaqiyatlari Siz olib borayotgan siyosatning toʻgʻriligi, shuningdek, Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilayotganingizning soʻzsiz tasdigʻidir.

Belarus-Oʻzbekiston doʻstligi anʼanalari Minsk alohida eʼtibor qaratayotgan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilishiga qatʼiy ishonch bildiraman.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va Oʻzbekiston farovonligi yoʻlida yangi va yorqin yutuqlarga erishish uchun bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat tilayman.

Hurmat bilan,

Aleksandr Lukashenko,

Belarus Respublikasi Prezidenti

Hurmatli Prezident janoblari, aziz qardoshim!

Sizni tavallud ayyomingiz munosabati bilan chin qalbimdan tabriklagan holda, Yaratgandan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va xotirjamlik tilayman.

Mushtarak tariximiz, tilimiz va madaniy qadriyatlarimizdan quvvat olayotgan munosabatlarimiz birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Bugungi kundagi global sinovlarga qarshi Turkiy dunyoning farovonligi va taraqqiyotini taʼminlash maqsadida ikki tomonlama va koʻp tomonlama platformalarda, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorligimizni yanada mustahkamlashga boʻlgan irodamizga sodiqmiz. Ayni qatʼiyat Siz, aziz birodarim tomonidan ham baham koʻrilayotgani menga cheksiz mamnuniyat bagʻishlaydi.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylarini tavallud ayyomingiz bilan yana bir bor tabriklab, doʻst va qardosh oʻzbek xalqining taraqqiyoti va tinchligi yoʻlidagi saʼy-harakatlaringiz muvaffaqiyatli davom etishini tilab qolaman.

Rejep Tayyip Erdogʻan,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

Buyuk va sodiq doʻstim!

Tugʻilgan kuningiz munosabati bilan Misr xalqi va shaxsan oʻzimning nomimdan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga cheksiz baxt, farovonlik hamda doʻst Oʻzbekiston xalqining ravnaqi, tinchligi va barqarorligi yoʻlidagi saʼy-harakatlaringiz va intilishlaringizga muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Chuqur hurmat va ehtirom ila,

Abdulfattoh as-Sisi,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti

Janobi Oliylari!

Sizni 68 yoshingiz bilan chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz.

Koreya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasining alohida strategik sherigidir. Hamkorlikning uzoq tarixi davomida mamlakatlarimiz oʻzaro taraqqiyot va farovonlik yoʻlida birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Umid qilamanki, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlari mana shunday oʻziga xos rishtalarga tayangan holda, turli sohalarda yanada mustahkamlanib boraveradi. Ushbu maqsadga erishish yoʻlida Siz bilan bundan buyon ham yaqindan hamkorlik qilishga umid qilaman.

Shuningdek, Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan uzluksiz islohotlar va ochiqlik borasidagi yutuq va saʼy-harakatlarni yuksak baholayman. Koʻp qirrali hamkorlik tufayli Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻzaro manfaatli va kelajakka yoʻnaltirilgan asosda rivojlanishiga umid bildiraman.

Sizning tugʻilgan kuningizda boʻlib oʻtadigan birinchi telefon muloqotimizni hamda har ikki tomon uchun qulay vaqtda Siz bilan uchrashishni intiqlik bilan kutaman.

Sizga va oilangizga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, Oʻzbekiston Respublikasiga esa cheksiz ravnaq tilayman.

Li Chje Myon,

Koreya Respublikasi Prezidenti

Prezident Janobi Oliylari!

Tugʻilgan kuningiz munosabati bilan samimiy va iliq tabriklarimni qabul qiling.

Shu yil iyun oyida boqiy moviy osmon yurti – qadimiy va goʻzal Moʻgʻulistonda doʻstona va samimiy ruhda uchrashib, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlaganimizni mamnuniyat bilan eslayman.

Ikki xalqni azaldan koʻchmanchilik anʼanalari va tarixiy qadriyatlar bogʻlab turadi.

Muhtaram Prezident, Siz bilan birgalikda ushbu ezgu anʼanani mustahkamlab, Moʻgʻuliston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni yanada yuksak, Keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqqanimiz va shu tariqa ikki tomonlama munosabatlar tarixiga oltin harflar bilan bitiladigan yangi davrni boshlab berganimizdan chin dildan xursandman.

Sizga, muhtaram Prezident, va Sizning ajoyib oilangizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va eng ezgu tilaklar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Uxnaagiyn Xurelsux,

Moʻgʻuliston Prezidenti

Janobi Oliylari!

Tugʻilgan kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz. Sizga mustahkam sogʻlik va kuch-quvvat, Oʻzbekiston Respublikasini muvaffaqiyat va farovonlik yoʻlidan olib borishda davom etishingizni tilayman.

Fursatdan foydalanib, Serbiya-Oʻzbekiston munosabatlarini oʻzaro hurmat, suverenitet va hududiy yaxlitlikni qoʻllab-quvvatlash ruhida rivojlantirishga qaratayotgan eʼtiboringiz uchun Sizga minnatdorlik bildiraman. Murakkab geosiyosiy sharoitda bizning doʻstligimiz va hamkorligimiz yanada muhim ahamiyat kasb etib, birgalikdagi taraqqiyot uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda. Moskvadagi samimiy suhbatimizni mamnuniyat bilan eslayman va madaniy ulugʻvorlik va xalqaro muloqot ramzi boʻlgan Samarqand shahrida YUNESKO sessiyasi davomida muloqotni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻlamiz, deb umid qilaman. Agar ish rejangiz imkon bersa, oldindan Toshkentga tashrif buyurishdan juda mamnun boʻlaman.

Hamkorligimiz bundan buyon ham oʻzaro manfaatli asosda mustahkamlanib borishiga ishonib, Sizga oʻzimning chuqur hurmat-ehtiromimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Aleksandr Vuchich,

Serbiya Respublikasi Prezidenti

Janobi Oliylari!

Tavallud ayyomingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga oʻzimning eng samimiy tilaklarimni mamnuniyat ila yoʻllash meni cheksiz quvontiradi.

Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik, baxt–saodat, doʻst Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va xalqiga yanada farovonlik va taraqqiyot tilab qolaman.

Samimiy salom va yuksak ehtirom ila,

Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vazir oʻrinbosari, Prezident devoni raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер