Halollik xirmonning barakasidir

18:09 09 Iyun 2020 Iqtisodiyot
1173 0

Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi “Mustaqillik”, “Navoiy”, «Oxunboboyev», «A.Doʻsbekov», Ohangaron tumanidagi “Gʻallaquduq”, “Shodmalik”, Bekobod tumanidagi «Toʻychiboy Muhammad agro» kabi fermer xoʻjaliklaridagi pishib yetilgan gʻallazorlarda oʻrim-yigʻim ishlari boshlandi.

Viloyatda 2020-yil uchun 2 ming 697 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 116 ming 100 gektar suvli maydonlarda gʻalla hosili yetishtirildi. Hududda oʻrtacha bir gektar maydondan olinadigan hosildorlikni 76,3 sentnerga yetkazish kuzda tutilmoqda. Shunda, umumiy xirmonga yigʻilgan qirmizi don 885 ming 520 tonna tosh bosadi, deya, taxmin qilinyapti. Davlatga 319 ming 528 tonna sara don, 29 ming 400 tonna urugʻlik gʻalla sotish rejalashtirilgan.

Bu yilgi mavsumga yuqori unumli 356ta gʻalla oʻrish kombaynlari safarbar etiladi. Donni peshma-pesh xirmonga yetkazish ishlariga 1 ming 424ta avtomashina, 167ta traktor tirkamalari, 48ta koʻchma ustaxona va 58ta koʻchma YOMM tashish vositalari biriktirilgan.

Viloyat qishloq xoʻjalik tizimi mutasaddilarining maʼlumotiga koʻra, 7-iyun kuni 156 ta kombaynlar oʻrimga jalb etilib, bir kunda 640 gektardan 4088 tonna (1,17%), mavsum boshidan buyon esa, 1 ming 737 gektar gʻallazordan 10 ming 98 tonna (2,89 %) don oʻrib-yanchib olingan. Bu raqamlar bir gektar maydondan oʻrtacha hosildorlik miqdori 58,1 sentner boʻlganligini koʻrsatmoqda.

Oʻrim-yigʻim mavsumida qatnashadigan barcha ishchi-xizmatchilarga yetarli sharoitlar muhayyo qilindi. Jumladan, oʻrim kombaynlarini uzluksiz ishlash tizimi shakllantirilib, 1 mlrd 600 mln.soʻmlik ehtiyot qismlar zaxiralari yaratildi.

Hosilni tez va sifatli yigʻishtirib olish jarayonlarini muttasil nazorat qilish uchun 6 ta YPX maskani, 4ta chegara va 6ta blok post, 30ta yangi nazorat kuzatuv (roʻyxatga olish) postlari, shuningdek, avtoyoʻnalish va don qabul qilish shoxobchalarida nazorat oʻtkazish postlarida doimiy ish rejimi tashkil etildi. Bu jarayonga 180 nafar ichki ishlar xodimlari jalb etiladi.

Gʻalladan boʻshagan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalash, shudgorlash maqsadida tashkil etilgan 356 ta boʻlinmalar ham ishga kirishdi. Chunki, viloyatda gʻalla hosili toʻliq oʻrib-yanchib olingach, 100 ming gektaridan oshiqroq maydonlar fermer va klasterlarga sabzavot va poliz, kartoshka, dukkakli don, chorva ozuqasi yetishtirish uchun ajratib beriladi. Ana shu tadbirlar hisobiga yil oxiriga borib, Toshkent viloyatida 1 mln. 671 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Bu raqamlar albatta bugungi hisob-kitoblar. Joʻja esa kuzda sanaladi. Xirmondagi baraka bugungi halol mehnatga, rejali tadbirga, har bir hudud hokimlarining masʼuliyat va majburiyat yukini dehqon bilan yonma-yon, yelkama-yelka koʻtarishiga bogʻliq.

Sababi, joriy yilda takroriy ekinlardan moʻl hosil yetishtirish uchun dehqonlarga jami 27 ming 270 tonna mineral oʻgʻitlar va 11 ming 124 tonna yoqilgʻi-moylash materiallari yetkazib berish zarurati yuzaga kelmoqda. Bu esa yaxshigina moliyaviy mablagʻga borib taqaladi. Qolaversa, takroriy ekinlarning yuqori hosildorligi sifatli urugʻga ham bogʻliq. “Boʻstonliq kartoshkachilik markazi”, “Bananza trabe export”, “Shukrona agro”, “Baxtiyor ideal biznes” kabi masʼuliyati cheklangan jamiyatlar bu boradagi barcha uvol savobni oʻz zimmalariga olish istagini bildirishgan. Endi, hamma uchun bitta qoida va majburiyat qoldi — yer va dehqonni aldamaslik. Chunki, halollik bor joyda baraka va unum mujassam. Shunda bu tabarruk va saxiy zamin bagʻrida borini dehqonga inʼom qiladi. Elning esa dasturxoni toʻkin-sochin, turmushi farovon boʻladi. Bu ota-bobolarimizdan bizga qolgan azaliy qadriyat va bebaho merosdir.

Shodiyor MUTAHAROV,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?