Guliraʼno tanlagan yoʻl
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Toshkentdan yuzlab kilometr yoʻl bosib, Fargʻona viloyatining Rishton tumaniga yetib keldik. Oddiy qishloq qizi, dehqon oilasida voyaga yetgan, oliy maʼlumotli olim-agronom Guliraʼno Xoliqovani izlab Qayragʻoch qishlogʻi tomon shoshamiz. Yoʻl-yoʻlakay soʻrab-surishtirib, u mehnat qilayotgan dala shiyponini topdik.
Chamandek ochilgan paxtazorda terimchi xotin-qizlarning shoʻx-shodon ovozlari eshitildi. Ular orasida shoʻx-shaddodligiyu gʻayrat-shijoati yuz-koʻzidan shundoqqina bilinib turgan Guliraʼno ham bor ekan. Uchrashdik, suhbatimiz tezda qoʻr oldi.

Guliraʼno Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida oʻqigan. 2021-yilda aʼlo xulqi, namunali bilimi tufayli Beruniy nomidagi davlat stepindiyasiga sazovor boʻldi. 2021-23 yillarda ushbu OTMning magistraturasida davlat granti asosida tahsil olib, olim-agronom mutaxassisligini egalladi. Va qadrdon qishlogʻi Qayragʻochga otasi Yoʻlchiboy aka yoniga qaytib, “Xoliqov Yoʻlchiboy” fermer xoʻjaligiga rahbar boʻldi.
Boshida unga “Guliraʼno, sen institutni bitirib, magistraturada oʻqib, shuncha bilim bilan fermer xoʻjaligini boshqarasanmi, kattaroq lavozimda ishlasang boʻlmaydimi?” deganlar ham uchradi. Uning javobi shunday boʻldi: “Fermerlik shunday katta lavozimki, uni faqat bilim bilan boshqarish kerak, nomiga fermer boʻlib, ishni eplay olmay mulzam boʻlib qolganlar qancha?”

Keyinchalik odamlar bu borada Guliraʼnoning haqligiga amin boʻlishdi. “Fermer boʻlish uchun nafaqat institutni, balki magitraturani ham bitirish kerak ekan”, deyishdi ular. Guliraʼno esa oʻz soʻzini mehnat bilan, moʻl hosil va sifatli paxta xomashyosi yetishtirish bilan isbotladi.
— Guliraʼno kenja qizim, oʻgʻlim boʻlmasa-da, uning gʻayrati va shijoati oʻn oʻgʻilga tatiydi, — dedi Yoʻlchiboy Xoliqov. — Men uning tibbiyot xodimi boʻlishini istagandim, lekin u shu ogʻir mehnat yoʻlini tanladi. Hozir katta bir xoʻjalikni boshqarayapti. Ishlagandayam ilm bilan, innovatsiya bilan mehnat qilayapti. Oʻqiganning noni halol ekan. Buni qizim misolida koʻrib, sezib turibman. Talabalik yillaridayam taʼtilni dalada oʻtkazardi. Institutda oʻrgangan bilimlarini shu yerda, egat oralab amaliyotda sinadi. Oʻzi traktor haydab, gʻoʻza qator oralariga ishlov berdi. Kuz-qish oylarida dalalarning shoʻrini yuvishdan tortib, bugʻdoy sepish, bahorda yerga chigit qadash jarayonlarida hozir boʻldi. U muncha gʻayratni qayerdan olayotganiga hayronman...

Guliraʼno otasi ishlayotgan dalalarga ilmni olib kirgani rost. Ekilayotgan paxta navlarini yangilagani ham bor gap. Agrotexnik ishlov mavsumida mineral oʻgʻitlardan nisbatan kamroq foydalanib, mahalliy oʻgʻit va innovatsion texnologiyani keng qoʻlladi. Suv tejash texnologiyalaridan ham foydalandi. Natijada hosildorlik yil sayin oshib bordi. Unga havas qiluvchilar koʻpaydi, tajriba almashish uchun keluvchilarning qadami uzilmadi.
Yosh qizning yutuqlarini eshitgach, oltiariqliklar faxri boʻlgan, paxta ustasi Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova hayotlik paytida vaqt topdi degunicha, “gʻiz” etib, Oltiariq dalalariga tutash Rishtonning Qayragʻoch qishlogʻiga yetib kelardi. Har gal Guliraʼnoni uyidan emas, dalasida, ish ustida, traktor rulida yoki egatlarga suv tarayotganlar yonidan topardi. “Sen qiz oʻt-olovsan, mendan-da gʻayratliroq chiqding. Yangi Oʻzbekistonga senday gʻayratu shijoatli yoshlar juda-juda zarur. Chunki qoʻling paxta mehnatida qadoq boʻldi, jussang shu dalalarda ulgʻaydi, fargʻonalik paxta ustalarining oydin yoʻlini tanlab adashmading. Xudo xohlasa, halol mehnating va biliming seni tez kunlarda elga tanitib, kamolga yetkazadi”, derdi hayajonini yashirolmay Lola opa.

— Ustozim Lola opadan koʻp maslahatlar oldim, dehqonchilikning sir-asrorini oʻrgandim. U kishi dalalar bilan, gʻoʻza nihollariyu bugʻdoy maysalari bilan tillashishni bilardi. Bir zumda oddiy qishloq kishilari, dehqonlar qalbini uqib olish sanʼati bor edi unda. Mehnatida er kishiga xos mardlik, jasorat va halolik hukmron edi. Shu bois, dalasidayam ishidayam baraka bor edi, — deydi Guliraʼno Xoliqova.
Guliraʼno har qarich yerni eʼzozlab, egat oralab paxta terayotgan qishloq ayollari bilan til topishib mehnatdan baraka topmoqda. Shu bois uning paxta xirmonida ham, bugʻdoy urugʻi qadalayotgan dalalarida ham fayz bor, baraka bor.
— Bu yilgi hosilimiz yanada barakali boʻldi, xudo xohlasa gektaridan 51 sentnerdan paxta xomashyosi terib olamiz, — deydi u.

“S 8290” navi ekilgan paxtazor chamandek yashnab yotibdi. Bir yuz ellik nafar terimchi ishtirokida kunlik reja oshigʻi bilan bajarilayotir. Bu yilgi gʻallaning ham xirmoni barakali boʻldi. Har gektar maydondan 90 sentnerdan qirmizi don oʻrib olindi.
Bundan oʻn yil oldin bu yerlardan oshib borsa 30-35 sentnerdan paxta, 50-60 sentnerdan gʻalla yigʻishtirib olingan. Ammo mehnat boru ragʻbati yoʻq edi. Fermerlik azobu uqubatlarga toʻla yillar edi-da. Yetishtirilgan hosilning pulini ololmasdan ovvorayu sarson yurishardi. Prezidentimiz boshlagan islohotlar tufayli klaster tizimi yaratildi. Qishloqqa sanoat kirib keldi, odamlar ish bilan taʼminlandi. Dehqon yelkasiga ortilgan yuk olib tashlandi, qoʻli pul koʻrdi. Fermerlik, tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgani bois, oʻsha yillari shirin tush boʻlgan orzular, bugun haqiqatga aylandi. Mehnat qilgan elda aziz boʻlmoqda.

— Maqsadlar yuksak, faoliyatimizni yanada rivojlantirib, keng tarmoqli xoʻjalikka aylantirish niyatidamiz, — deydi Guliraʼno Xoliqova. — Hozirda 40 uya asalari parvarishlayapmiz, kelgusi yildan uning sonini 100 taga yetkazamiz. Ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyamiz. Baliqchilik, chorvachilik tarmoqlari uchun imtiyozli kredit olib, yangi ish oʻrinlari ochamiz. Qishloq yoshlarini, ayollarni ish bilan taʼminlaymiz.
Qishloqdoshlarining aytishicha, fermer qiz el dardi bilan yashamoqda. Yoshlarni ish bilan taʼminlash, yetimlar, yolgʻiz keksalar holidan xabar olish, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “temir daftar”ga kiritilgan qishloqdoshlariga imkon qadar yordam koʻrsatish Guliraʼno uchun qatʼiy maqsadga aylangan. Shu bois, bu yilgi gʻalla hosilidan ehtiyojmand oilalarga bugʻdoy tarqatildi. Hozirda har bir ayol uchun kunlik terim puliga qoʻshimcha ravishda fermerning shaxsiy hisobidan yogʻ ulashilmoqda. “Obod mahalla — obod koʻcha — obod xonadon” tamoyili boʻyicha amaliy ishlarda faol ishtirok etish uning galdagi rejalaridan biri sanaladi.
— Fermer va tadbirkor boy boʻlsa, el obod, Vatanimiz qudratli boʻladi. Prezidentimiz ilgari surgan bu ezgu gʻoya bizga katta kuch berayapti, qanot boʻlmoqda. Natijaga erishish, avvalo, insondan oʻz oldiga maqsadni toʻgʻri qoʻyishdan boshlanadi. Sabr-toqat va halol mehnat esa, albatta, oʻz samarasini beradi, — deydi fermer biz bilan xayrlashar chogʻida.
Shodiyor MUTAHAROV
(«Xalq so‘zi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring