Grippga qarshi vaksinalarning samaradorligi 90 foizni tashkil etadi — mutaxassis

19:43 09 Dekabr 2023 Jamiyat
209 0

Foto: Arxiv surat

— Gripp — “oyoqda oʻtkaziladigan” kasallik emas! Uni oddiy shamollash deb oʻylab, oʻzboshimchalik bilan davolanish ham notoʻgʻri. Chunki bu xastalikning oʻzidan koʻra asoratlari koʻproq xavfli, — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova.

Negaki, gripp virusi qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infeksiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yalligʻlanish oʻchoqlarini hosil qiladi.

Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yoʻllarining ikkilamchi bakterial infeksiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan oʻz vaqtida davolanmaslik oʻlim holatlariga ham sabab boʻlishi mumkin.

Bu borada Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tahliliy hisoboti bor. Unga koʻra, dunyo boʻyicha yiliga 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi. Qolaversa, ushbu virus turli surunkali kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishi bilan xavfli.

Mana, hozir barcha yoshdagi insonlar, ayniqsa bolalar va oʻsmirlar orasida gripp virusi koʻp uchraydigan mavsum. Koʻtarilish davri odatda noyabr oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.

Mutaxassis sifatida bunday paytda xastalikdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanishni tavsiya etamiz. Bu — eng samarali va katta sarf-xarajat talab etmaydigan usul.

Qolaversa, vaksina xavfsiz va yuqori taʼsirga ega boʻlib, yillik kasallanish va oʻlim holatlarini yetarlicha kamaytiradi. Yaʼni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizni tashkil etadi.

Mavsumiy grippga qarshi vaksina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Taʼsir kuchi 1 yilga yetadi.

Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga koʻra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Yaʼni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yoʻllari yalligʻlanishi kabi kasalliklardan tamoman sogʻlom boʻlishi kerak.

Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik taʼsirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi.

Hozir yurtimizda grippga qarshi emlash ishlari qizgʻin davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер