Gʻallaorolda uzumchilik klasterlari tashkil etilmoqda
Foto: Tolibjon Ergashev / Xalq so'zi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy tizimini yoʻlga qoʻyishda, sohaning eksport salohiyatini kuchaytirish va investitsion jozibadorligini oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Ushbu hujjatga koʻra 2021-2024-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlardagi ixtisoslashgan tumanlarda uzum plantatsiyalarining tashkil etilishi belgilangan vazifalar ijrosini izchil va jadal taʼminlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani ham uzumchilikka ixtisoslashgan tumanlardan sanaladi. Bu yerda mazkur yoʻnalishda 2021-2022-yillarda loyiha qiymati 208,3 milliard soʻm boʻlgan 18 ta klaster va kooperatsiyani tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Tumandagi mavjud 29 400 ta xonadonning 12 ming 545 tasida yangi uzumzorlar barpo etilishi esa aholining barqaror daromad manbaiga ega boʻlishida muhim oʻrin tutadi.
- Biz, fermerlarga lalmi uzumchilikni rivojlantirish uchun eng qulay maydonlardan 15 gektar yer ajratib berilgani ayni muddao boʻldi, - deydi tumandagi “Boʻriyev agrostar” fermer xoʻjaligi rahbari Abdurazzoq Boʻriyev. – Galdagi vazifamiz hududimizga mos uzum navlarini tanlab olib, ularni xalqimizning uzoq yillik tajribasiga tayangan holda parvarishlash, milliy brendimizni yaratish va eksportga koʻproq uzum chiqarishdan iborat.
Tumanda yangi tashkil etilayotgan uzumchilik klasterlari faoliyatiga bagʻishlab amaliy seminar oʻtkazildi. Unda innovatsion usullarda hosilni koʻpaytirish yoʻllari, yangi ekilgan koʻchatlarni parvarishlash, uzumning danaksiz navlarini yetishtirish boʻyicha fermerlarga atroflicha tushunchalar berildi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring