Fuqarolarning kartalaridan 1 mlrd soʻmga yaqin pullarni oʻgʻirlagan kiberfiribgarlar qoʻlga tushdi

19:33 14 Iyul 2025 Jamiyat
246 0

“Telegram” orqali zararli fayllarni tarqatib fuqarolarning 1 milliardga yaqin pullarini oʻmargan kiberfiribgarlar qoʻlga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, IIV, Tezkor-qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan bank kartalaridan pul mablagʻlarini oʻgʻirlash bilan shugʻullangan jinoiy guruh fosh etilgan.

Jinoiy guruh aʼzolari “Android” qurilmalari uchun moʻljallangan va “Telegram” messenjeri orqali tarqatiladigan “.apk” formatidagi zararli fayllar yordamida foydalanuvchilarning telefonlaridagi SMS-xabarlar, kontaktlar, qoʻngʻiroqlar tarixi va boshqa maʼlumotlarga kirish huquqiga ega chiqishgan.

Tezkor tadbirlar davomida guruh aʼzolari turli davlat fuqarolari ekani maʼlum boʻldi. Ular “Telegram”da virusni oʻz telefoniga oʻrnatgan fuqarolarning bank kartalari maʼlumotlari, shuningdek, bogʻlangan telefon raqamlariga kelgan SMS-tasdiqlash kodlari saqlanadigan yopiq guruhni yaratgan.

Maʼlum boʻlishicha, gumonlanuvchilarning telefon raqamlari koʻzdan kechirilganda, 177 ta bank kartasidan qariyb 1 milliard soʻm mablagʻ oʻgʻirlangani aniqlangan.

Hozirda respublika hududida ushbu jinoiy guruhning boshqa ishtirokchilarini aniqlash boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar ushlangan, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Avvalroq Fargʻona viloyatida fuqaroga yolgʻon SMS yuborib, uni chuv tushirmoqchi boʻlgan suv taʼminoti korxonasi xodimi qoʻlga olingani haqida xabar qilgandik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер