Firibgarlar qurboniga aylanganlar

17:40 01 Aprel 2026 Jamiyat
134 0

Raqamli dunyoda internet hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Bolalardan tortib kattalargacha gadjetlar va onlayn resurslardan faol foydalanmoqda. Arzon tovar oling, degan eʼlonlar ortidagi “onlayn savdo”, “yutuqli oʻyin”lar qurboniga aylanib borayotganlar koʻp.

Yaqinda Fargʻona shahridagi maktablardan birida kutilmaganda ikkita mashinadagi maishiy buyumlar bilan paydo boʻlgan notanish bir guruh oʻqituvchilarni “chuv” tushirdi. Dastavval ustamonlar bank bilan hamkorlikda yutuqli oʻyinlar tashkil etganiga oʻqituvchilarni ishontirishdi, keyin eng katta sovgʻa avtomashina va shahar markazidan ikki xonali uy deb chalgʻitdi. Shu tariqa savdo qizib oʻnlab oʻqituvchilar arzon “aksiya” sifatida taklif etilgan mahsulotlarni sotib olish maqsadida pasport nusxalarini oʻz qoʻllari bilan taqdim etishdi.

Ertasiga bozorlar va savdo markazlaridagi narxlar bilan tanishgan oʻqituvchilar firibgarlar qurboniga aylanganini bildilar. Firibgarlar ularga haqiqiy narxidan ancha arzon mahsulotlarni asl bahosidan qimmatga pullab ulgurishgandi. Bir yillik isteʼmol krediti bilan bu narxlar yanada koʻtarilishi tabiiy. Qolaversa, belgilangan muddatda na yutuqli oʻyinlar oʻynaldi, na mashina yoki uy yutildi. Ayni paytda oʻqituvchilar har oyda bankka isteʼmol krediti uchun oyligidan maʼlum bir foizni toʻlamoqda. Bir yildan soʻng kir yuvish mashinasi, changyutgich singari har bir maishiy buyumi uchun haqiqiy narxidan kamida ikki-uch barobar koʻproq mablagʻ toʻlagan boʻlib chiqadi. Endi pushaymonlik foydasiz, chunki ustamonlar bir zumda allaqachon isteʼmol krediti uchun hujjat rasmiylashtirib qoʻygan.

Afsuski, soʻnggi yillarda yurtimizda onlayn savdo hajmining keskin oshib borayotgani bilan birga, turli marketing usullari orqali isteʼmolchilarni jalb qilish holatlari ham kengaymoqda. Ayniqsa, taʼlim muassasalari xodimlarini nishonga olgan “aksiyalar”, “yutuqli oʻyinlar” va “chegirmali takliflar” koʻrinishidagi tashabbuslar koʻpayib, ular orqali tezkor qaror qabul qilishga undash amaliyoti kuzatilmoqda. Bunday amaliyotda qoʻllaniladigan usullarda koʻpincha lotereya yoki oʻyin usullaridan foydalanilib, isteʼmolchilarda ishonch uygʻotish hamda ularni muddatli toʻlov asosida xaridga jalb etish maqsad qilinadi. Shu sababli bunday holatlar ayrim vaziyatlarda turli tushunmovchiliklar, moliyaviy majburiyatlar va hatto nizolarga sabab boʻlayotgani achinarlidir.

Margʻilon shahridagi umumtaʼlim maktablaridan yana birida oʻzini tadbirkor sifatida tanishtirgan shaxslar oʻqituvchilarni onlayn savdo asosida tovarlar sotib olishga qiziqtirish maqsadida ular tomonidan “stiker oʻchirish oʻyini” deb nomlangan lotereya shaklidagi oʻyinni taklif etadi. Oʻyindagi yutuq esa shu maktabda ishlaydigan F.X. ga chiqishi asos qilib koʻrsatildi.

Yutuq fondi bitta 43 ekranli televizorligi va sovgʻa tez muddatda keltirib berilishi aytilgach, onlayn platforma orqali F.X.ga muddatli toʻlov shartidagi muayyan summadagi tovarlar rasmiylashtiriladi. Maktabning yana besh nafar xodimlari tomonidan muddatli toʻlov shartlarida xarid qilingan tovarlar toʻlovi ham F.X. plastik kartasiga bogʻlab qoʻyiladi.

Garchi isteʼmolchida muddatli toʻlov asosida xarid qilingan tovarlar uchun toʻlovlarni hamkasblar bilan kelishgan holda toʻlab borishni uddasidan chiqishiga ishonch boʻlsa-da, uni tovarlar sotib olishiga sabab boʻlgan sovgʻani keltirib berish ishlari paysalga solingach, isteʼmolchi Margʻilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, bu borada amaliy yordam koʻrsatilishini soʻradi.

Jamiyat mutaxassislari tomonidan murojaat oʻrganilishi jarayonida “stiker oʻchirish oʻyini” tashabbuskori, tadbirkorlik subyekti sifatida Andijon viloyatining Asaka tumanida davlat roʻyxatidan oʻtgan F.A. bilan bogʻlanilib, unga amaldagi qonunchilik talablari va mazkur talablarga amal qilmaslik natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar tushuntirilgach, isteʼmolchiga vaʼda qilingan televizor keltirib berildi.

— Oʻqituvchilar turli aksiya va oʻyinlar orqali taklif etilayotgan xaridlar borasida juda ehtiyot boʻlishlari kerak, — deydi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Fargʻona viloyati boshqarmasi mutaxassisi Gʻayratjon Mamatqulov. — Har qanday “yutuq” yoki “sovgʻa” ortida muayyan shartlar yashiringan boʻlishi mumkin. Tadbirkorlik subyektlari ham amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishi, isteʼmolchini chalgʻituvchi yoki majburiy xaridga undovchi usullardan voz kechishi zarur. Aks holda bunday harakatlar nafaqat isteʼmolchilar ishonchiga putur yetkazadi, balki huquqiy javobgarlikka ham olib keladi. Ogoh boʻling!

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?