Fargʻonada oʻqituvchi va murabbiylarga davlat mukofotlari topshirildi

15:09 16 Sentyabr 2025 Jamiyat
80 0

Fargʻonada Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga koʻra taqdirlangan bir guruh soha fidoyilariga davlatimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyatda taʼlim tizimi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan soha xodimlari, faxriylar, ziyolilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov barchani yaqinlashib kelayotgan Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, Yangi Oʻzbekistonda taʼlim sohasidagi hayotbaxsh islohotlarning amaliy samaralari xususida alohida toʻxtalib oʻtdi. Ayni jarayonda oʻqituvchi va murabbiylar mehnati yuksak eʼtirof etilayotganligi, qator imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilayotganligi taʼkidlandi.

— Oʻqituvchi sifatida 50-yildan buyon qadrdon maktabda faoliyat koʻrsatib kelmoqdaman, — deydi Fargʻona shahridagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining biologiya fani oʻqituvchisi Rahima Mirzayeva. —Bu yilgi kasb bayrami oldidan hayotimda unutilmas voqea boʻldi. Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim.

Shuningdek, 15-sentyabr kuni davlatimiz rahbari Oʻqituvchi va murabbiylar kuni oldidan soha xodimlari bilan muloqot oʻtkazdi. Unda fargʻonalik bir guruh hamkasblar ham qatnashib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ezgu tashabbuslar qalbimizni gʻurur va iftixorga toʻldirdi. Bunday eʼtibor va ragʻbatdan koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi.

Hozirda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan va ishlayotgan shogirdlarim koʻpchilikni tashkil etadi. Bu yil ham oʻnlab bitiruvchilarimiz xorijning nufuzli OTMlari talabasi boʻldi. Bularning barchasi sohadagi yangilanish va oʻzgarishlar samarasi, albatta.

Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyatida 955 ta davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari, 21 ta Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, 100 dan ortiq nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyati tashkil etilgan.

Ayni paytda ushbu bilim dargohlarida 721 ming 556 nafar kelajagimiz vorislari taʼlim-tarbiya olmoqda.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер