Fargʻonada har bir mahallaning oʻz binosi boʻladi

17:04 19 Mart 2026 Jamiyat
252 0

Vatan – mahalladan boshlanadi. Shu bois hayotimizning mazmun-mohiyatini belgilovchi mustahakam va uzilmas rishtalar bevosita mahalla bilan bogʻliq.

Yurtimizda keyingi besh yildan buyon 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida nishonlanishi yaxshi anʼanaga aylangani bu borada xalqimizning eng ezgu fazilatlari bardavom ekanligidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, mahalla asrlar mobaynida milliy qadriyat va anʼanalarimizni bezavol saqlab kelayotgan ezgulik hamda tarbiya maskani. Yaxshi qoʻshnichilik va hamjihatlik oshiyoni, inson hamda jamiyat oʻrtasidagi ishonch koʻprigidir. U dunyoda oʻxshashi yoʻq noyob tuzilma. Birgina ana shu jihatlarning oʻzi ham mahalla instituti xalqimizning asrlar mobaynida avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qadriabad qadriyati ekanligini anglatadi.

Bu yil mazkur sana qoʻshaloq ayyomlar tufayli yanada fayzli oʻtayotgani barchamizni behad mamnun etadi. Ayni kunlarda yurtimizda Ramazon hayiti, Navroʻzi olam shukuhi kezmoqda. Anʼanaviy ravishda joriy yil 13 va 14-mart kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Fargʻona viloyatida ham “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” shiori asosida umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi.

Ikki kunlik hasharda qariyb 12 ming gektar yer maydoni obodonlashtirilib, hududlarda 10 mingdan ortiq koʻchalar tozalandi, ziyoratgohlar, tarixiy-madaniy obidalar tartibga keltirildi. Ikki mingdan ortiq kam taʼminlangan oilalarning uyi taʼmirlab berildi. Ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan oilalar va yolgʻiz keksalarga 6,2 mlrd soʻmlik yordam koʻrsatildi. Yangi qurib bitkazilgan mahalla binosi, mahallalarda bolalar va sport maydonchalari va yoshlar markazlari foydalanishga topshirildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, birgina “Raqamli mahalla” platformasi orqali joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda 9 mingdan ziyod ishsiz fuqarolar bandligi taʼminlandi. Ikki oyda 2,5 mingdan koʻproq oila “Kambagʻal oilalar reyestri”dan chiqarildi. Ayni paytda shahar-tumanlarda kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 110 ta “ogʻir” toifadagi mahallalar hamda “Yangi Oʻzbekiston qiyofasi”ni joriy etish uchun 4 ta hudud – Margʻilon shahri, Quva, Yozyovon va Oʻzbekiston tumanlarida keng qamrovli ishlar olib borilyapti. Bu hududlarda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda har birining ixtisoslashuvi belgilanib, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalar paketi shakllantirildi. Aholi turmush sharoitini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi.

Shuningdek, yuzdan ortiq ogʻir mahallada 300 kVt quvvatli kichik fotoelektr stansiyalar qurish uchun zarur yer maydonlari aniqlab olindi. Shu bilan birga, hududlarda ijobiy natija bergan yuqori daromadli tajribalar ogʻir mahallalarga koʻchirilib, kamida 50 ta xonadonni bir yoʻnalishda ixtisoslashtirish choralari koʻrilmoqda.

Mahallalar boʻyicha kompleks dasturlar ishlab chiqilib, har bir mahallaga byudjetdan ajratilayotgan 3-5 mlrd soʻm mablagʻlar eng dolzarb va samarali loyihalarga yoʻnaltiriladi. “Yangi Oʻzbekiston qiyofasi” kiritiladigan mahallalar ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantiriladi. Hozirgi kunda viloyatdagi 13 ta MFY uchun yangi binolar qurilishi boshlab yuborilgan. Shu tariqa joriy yilda viloyatdagi 1017 ta mahalla toʻliq oʻz xizmat binosiga ega boʻlishiga erishish maqsad qilingan.

Ishsizlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha “mahalla yettiligi”ning faolligi eʼtiborga molik. Oʻtgan yili aynan yettilik faolligi bilan 201 ta MFY ishsizlik hamda 326 ta MFY kambagʻallikdan xoli hududga aylandi. Bu yil esa ushbu koʻrsatkichlar yanada yaxshilanishi va mahallalar kesimida raqamlar salmogʻi ortishi aniq.

Mahallalar infratuzilmasi masalasi ham doimiy eʼtiborda. Bu yil viloyatda 123 ta MFYda elektr taʼminoti yaxshilash hamda 300 ga yaqin MFYda salomatlik yoʻlaklarini tashkil etish choralari koʻriladi. Ichki koʻchalarga shagʻal va asfalt yotqizish ishlari bajariladi. 400 dan ortiq mahallada ariq tortish, betonlashtirish, tik quduq kavlash va suv minorasi oʻrnatish ishlarini amalga oshirish belgilangan. 10 ga yaqin MFYda issiqlik tizimi barqarorligi uchun mavjud tarmoqlarni yangilash va yangi qozonlar oʻrnatish rejalashtirilgan. Xizmat koʻrsatish va servis faoliyati sohasida 226 ta MFYda kompyuter hamda 76 ta MFYda xorijiy tillar va kasb markazi tashkil etiladi. Bu yoʻnalishda tadbirkorlik rivojiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, soha jonkuyarlari, hamkor tashkilotlar, barcha-barcha hamyurtlarimizni 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Qoʻshaloq bayramlar shukuhi mamlakatimizdagi har bir oila, mahallaga kirib borib, ertangi kun istiqboli bilan bogʻliq orzu-maqsadlarimiz yoʻlida gʻayratimizga gʻayrat, shijoatimizga shijoat qoʻshaversin.

Adhamjon ZIYAVUTDINOV,

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер