“Euronews” ijodiy guruhi Nurotada

17:22 17 Sentyabr 2025 Jamiyat
139 0

Navoiyga yoʻli tushgan mehmon Nurota chashmasini ziyorat qilishni niyat etadi. U Markaziy Osiyodagi eng sersuv manba boʻlib, yaqin-yaqinlargacha nurotaliklar bir buloqdan suv ichishardi. Ming-ming yillar burun shu buloq atrofida hayot, shahar shakllangan.

“Chashma” majmuasida islomga qadar qurilgan antik-arxeologik yodgorlik — Nur qalʼasi ham joylashgan. Shuningdek, majmuadagi toʻqqizinchi asrda qurilgan Chil ustun, oʻn oltinchi asrga tegishli Panj vaqta masjidlari, sal naridagi yuz-yuzlab kilometrga choʻzilgan korizlar barcha-barchasi Nurotaning allaqachon tashrif yorligʻiga aylangan.

— Davlatimiz rahbari Nurotaga ilk tashrifidayoq (2016-yil) “Chashma” majmuasi xalqimizning betakror maʼnaviy boyligi, mamlakatimizda ziyorat sayyohligining jozibador manzillaridan biri ekanligini taʼkidlab, sayyohlik industriyasining bugungi talablari asosida mijoz taʼbiga mos infratuzilma hamda servis va xizmat koʻrsatishning barcha qulayliklarni yaratish vazifalarini belgilagan edi, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev. — Ushbu koʻrsatmalar asosida majmuaning atrofi toʻliq ochilib, “Chashma” ulugʻvorligini taʼminlash va sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida kompleks bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yaʼni hududda noziktaʼb sayyohlar didiga mos mehmonxonalar qurilib, zamonaviy landshaftni taʼminlovchi alleya, favvoralar atrofida koʻshk koʻrinishidagi soʻrilar barpo etildi. Natijada endi ushbu xiyobonga yetmasdanoq “Chashma” salobat bilan koʻzga tashlanadi. Ushbu tadbirlar tufayli “Chashma” tarixiy meʼmoriy majmuasining maftunkorligi yanada ortib, shahar aholisining ham koʻngildagidek dam olish maskaniga aylandi.

Albatta, galdagi vazifa Nurotaning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini targʻib etishdan iborat. Shu maqsadda Yevropaning eng yirik axborot telekanallaridan biri — “Euronews” ijodiy guruhi yaqinda Nurota tumanida boʻlib, hududning turizm salohiyati, boy tarixi hamda milliy hunarmandchilik anʼanalarini yoritishga qaratilgan hujjatli filmni suratga oldi.

Tasvirga olish jarayonlari asosan tabiatning noyob tuhfasi boʻlgan “Chashma” majmuasi madaniy meros obyektida amalga oshirildi. Ijodiy guruhda Nurotaning nafaqat tarixiy meʼmoriy obidalari, balki yoqimli tabiati, qadim qadriyati, momomeros kashtalari va mahalliy hunarmandchilik namunalari, Aydarkoʻl sohillaridagi ekoturizm maskanlari hamda oʻtovli majmualari katta qiziqish uygʻotgan boʻlsa ajab emas.

Noanʼanaviy nuqtalardan suratga olingan videotasvirlar hudud turizmi rivojiga katta turtki berishi bilan birga, oʻlkamiz sayyohlik jozibadorligining xalqaro maydondagi targʻibotiga ham munosib hissa qoʻshishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер