Yetuk kadrlar — hal qiluvchi kuch

18:05 30 Dekabr 2022 Jamiyat
1194 0

Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi biz, pedagog-oʻqituvchilarni nihoyatda ruhlantirdi. Shu bilan birga, oldimizga masʼuliyatli va sharafli maqsadlarni qoʻydi. Zero, Murojaatnomada, birinchi navbatda, yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni rivojlantirishga eʼtibor qaratildi.

Darhaqiqat, barcha zamon va makonda boʻlgani kabi taraqqiyotda, ezgu maqsadlar roʻyobida taʼlimning oʻrni beqiyos. Shu bois yurtimizda ushbu sohani zamon talablari asosida isloh etishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Bu yoʻlda qancha farmonu qarorlar qabul qilindi, necha-necha dasturlar hayotga tatbiq etildi. Jumladan, oliy taʼlim butunlay oʻzgartirildi, yoshlarimizning oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Taʼkidlash joizki, bilimli va malakali kadrlarni tayyorlash har jihatdan salohiyatli oʻqituvchilarga bogʻliq. Shu maʼnoda, Jizzax davlat pedagogika universitetida ham bir qator ijobiy ishlar yoʻlga qoʻyildi. Ilk navbatda, universitet pedagogik jamoasini yangilashga, “yoshartirishga” jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Yosh va gʻayratli, umidli oʻqituvchilar tanlov asosida ishga qabul qilinmoqda. Ular belgilangan mezonlarga muvofiq tanlov asosida ishga saralab olinmoqda. Talabimiz va istagimiz esa bitta, u ham boʻlsa, oʻqituvchilar zamon talablari asosida fikrlash va yoshlarga saboq berish koʻnikmasiga ega boʻlsin.

Haqiqiy pedagog yillar davomida oʻz obroʻsi uchun mehnat qiladi, doimo oldinga intilib, takomillashib boradi. Mashhur pedagog Yan Amos Komenskiy: “Oʻqituvchilik — Yer yuzidagi har qanday kasbdan koʻra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb” ekanligini taʼkidlaydi. Oʻqituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning shaxsida quyidagi fazilatlar boʻlishi maqsadga muvofiqligiga urgʻu beradi: vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli, oʻz ishini sevuvchi, oʻquvchilarga otalaridek muomala qiluvchi, ularda bilimga havas uygʻotuvchi, yoshlarni ortidan ergashtiruvchi va oʻz eʼtiqodiga ega boʻlgan shaxs. Bizning niyatimiz ana shu ezgu xislatlarni oʻzida kamolga yetkazgan pedagoglarni yetishtirishdir.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan oʻquv yilida oliygohda zaruriy jihozlar va laboratoriyalarga boʻlgan ehtiyojlar toʻliq oʻrganib chiqildi. Biologiya va kimyo, texnologik taʼlim yoʻnalishlarining oʻquv laboratoriyalariga Osiyo taraqqiyot bankining 45 ming dollarlik mablagʻlari hisobidan laboratoriya jihozlari keltirildi. Oʻtgan oʻquv yilida biz asosiy eʼtiborni oliygohning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratdik. Joriy mavsumda ham ushbu ishlar davom ettiriladi. Oʻquv binolarimizning soni yanada ortadi. 

Aytmoqchi boʻlganim, fizika va texnologik taʼlim fakulteti talabalari uchun ikki qavatli oʻquv binosi hamda Soʻloqli mahallasida tarix fakulteti talabalari uchun yangi 120 oʻrinli maʼruzalar zali binosini barpo etishni maqsad qilganmiz. Davlat-xususiy sheriklik asosida 600 oʻrinli talabalar turarjoyi qad rostlaydi. Bundan tashqari, 2023-yilda universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan yana 600 oʻrinli talabalar turarjoyi barpo etilishi rejalashtirildi. Bularning barchasi talabalarimizning yaxshi sharoitlarda oʻqib, ilm olishlariga xizmat qiladi.

Pedagogika universiteti oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — haqiqiy jonkuyar, bilimli kadrlarni yetkazib berish. Shu bois oʻquv tizimiga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari tajribasini joriy qilishni koʻzlaganmiz. Faoliyatimizda xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, oʻzaro tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytgacha qator xorijiy oliygohlarning bu boradagi tajribasi yaqindan oʻrganildi. 

Shuningdek, Rossiya, Buyuk Britaniya, Belarus kabi davlatlardagi oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz va yana koʻplab ilgʻor oliy oʻquv yurtlari bilan aloqa oʻrnatishni rejalashtirganmiz. Professor-oʻqituvchilarimiz tajriba almashish maqsadida xorijda boʻlib qaytishmoqda. 2022-yilda 20 nafarga yaqin oʻqituvchilar Rossiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda ilmiy pedagogik stajirovkada boʻlib qaytishdi.

Oliygohda taʼlimning tegishli yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish, talabalar va yosh mutaxassislarni jalb etgan holda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, taʼlim tizimiga yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari tajribasini joriy qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajakdagi rejalarimizdan yana biri — istiqbolli bitiruvchilarni xorijiy oliy taʼlim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga tegishlicha bakalavriat, magistratura hamda doktoranturada oʻqishga yuborish orqali universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini yanada oshirish, pedagogik texnologiyalar va oʻqitish uslublarini takomillashtirishdir.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bugun oliygohimiz yuqori malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi, zamonaviy taʼlim texnologiyalari, innovatsion taʼlim dasturlari, jumladan, yetakchi xorijiy universitetlar bilan 2+2, 3+1 kabi qoʻshma dasturlarini joriy etish orqali oʻziga xos fazilatlarga ega boʻlgan zamonaviy taʼlim muassasalaridan biriga aylanmoqda.

Sifat, masʼuliyat, raqobat boʻlmasa, taʼlim maskanlari ham zamon bilan birga rivojlanmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin. Ayni paytda Jizzax davlat pedagogika universitetida 4+2 dasturi asosida oʻqish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa, oʻz navbatida, nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlaydi. Boʻlajak pedagoglar haftaning toʻrt kunida oliygohda pedagogika, psixologiya, umumtaʼlim fanlari boʻyicha zaruriy bilimlarni oʻzlashtirsa, egallangan bilimlarni ikki kun maktab amaliyotida qoʻllash orqali kasbiy layoqatga ega boʻlmoqda. Universitet toʻliq kredit-modul tizimi asosida oʻquv jarayonini davom ettirmoqda.

Pedagogika yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar maktabda amaliyot oʻtashi uchun mediasavodxonlikka ham ega boʻlishi talab qilinadi. Shu maqsadda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, boʻlajak pedagoglarda axborot-kommunikativ va raqamli kompetensiyani shakllantirishga harakat qilmoqdamiz. Universitetda mobil metodik guruhlar ham shakllantirilgan. Ushbu guruhlarning maqsadi — umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchilarining metodik, ijtimoiy-pedagogik va psixologik kompetentligini rivojlantirish. 

Mobil metodik guruhlar Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov tumanlaridagi maktablarda boʻlishib, taʼlim maskanida faoliyat olib borayotgan ona tili va adabiyot, chet tillar, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya va geografiya fan oʻqituvchilarining bilimini diagnostikadan oʻtkazib, aniqlangan boʻshliqlarni bartaraf etish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etmoqda. 

“Uzluksiz kasbiy rivojlanish” platformasi orqali pedagogik kompetensiyalarning darajasini oshirishga, oʻqituvchilarni ilgʻor metodikalar va innovatsiyalarga oʻrgatishga, oʻquvchilarni oliy va kasbiy taʼlimga yoʻnaltirishga qaratilgan targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyishdi.

Prezidentimiz Murojaatnomada oʻqituvchi va murabbiylarning obroʻsi joyiga qoʻyilsa, maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va oliygohlarda sifat oʻzgarishlari amalga oshirilsa butun harakatlarimiz ikki-uch karra samara berishini aytib oʻtdi.

Haqiqatan ham, taʼlim sifatini oshirish yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir. Zero, taʼlimi yuksalgan mamlakatda bilimli mutaxassislar kamolga yetadi. Yetuk kadrlar esa rivojlanishda hal qiluvchi kuchdir.

Shavkat SHARIPOV,

Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?