Eronning yangi Oliy rahbari kim boʻlishi aniqlangan — OAV

15:12 08 Mart 2026 Dunyo
754 0

Eronda Oliy rahnamo lavozimini kim egallashi boʻyicha Ekspertlar kengashi doirasida asosiy qaror shakllangani maʼlum qilindi. Bu haqda Kengash aʼzosi Muhammad-Mehdi Mirboqiriy maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, “koʻpchilik pozitsiyasini aks ettiruvchi qatʼiy va yakdil fikr shakllangan”. Mazkur bayonot matni “Mehr” axborot agentligi tomonidan keltirilgan.

Mirboqiriy ayrim masalalar boʻyicha qarama-qarshiliklar saqlanib qolayotganini, ammo ularni bartaraf etish mumkinligini ham taʼkidlagan. Biroq “The New York Times” nashri manbalarga tayanib yozishicha, marhum Oyatullohning vorisini tayinlash jarayoni vaqtincha kechiktirilgan.

Bunga Tehronda uning oʻgʻli Moʻjtabo Xomanaiy xavfsizligi yuzasidan xavotirlar mavjudligi sabab boʻlgani aytilmoqda. Boisi u mamlakat rahbarligiga ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida tilga olinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Eronning sobiq Oliy rahbari Ali Xomanaiy 28-fevralda, AQSH va Isroilning harbiy amaliyoti boshlangan kuni halok boʻlgani xabar qilingan edi. Mamlakatda shu munosabat bilan 40 kunlik motam eʼlon qilingan.

Hozirda Eronni vaqtincha boshqaruv kengashi idora qilmoqda. Uning tarkibiga prezident Masʼud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari Gʻolom-Husayn Mohseniy Ejeiy va Konstitutsiyani qoʻriqlash kengashi aʼzosi Alirezo Arafiy kiritilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?