Eronda namoyishchilar ikki shaharni nazoratga oldi. Ularga politsiyachilar ham qoʻshila boshladi

11:19 08 Yanvar 2026 Dunyo
281 0

Eronda 28-dekabrdan beri ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Dastlab milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiya sababli Tehrondagi Katta bozor savdogarlari ish tashlashga chiqqan. Keyinchalik esa norozilik aksiyalari deyarli butun mamlakatni qamrab oldi. Oradan oʻn kun oʻtib, Eron gʻarbidagi ikki shahar namoyishchilar nazoratiga oʻtdi. Davlat axborot agentliklari bu shaharlar qoʻlga olinganini inkor etmoqda va politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborganini bildirmoqda. Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy iqtisodiy muammolar mavjudligini tan olgan, ammo ularni “dushmanlar faoliyati” bilan izohlagan. U, shuningdek, “tartibbuzarlar bilan gaplashish befoyda” ekanini va ularni “joyiga qoʻyish kerak”ligini aytgan.

Norozilik namoyishlari boshlanganidan oʻn kun oʻtib, Eron gʻarbidagi Abdanon va Malekshohi shaharlari namoyishchilar nazoratiga oʻtgani haqida 7-yanvar kuni Fox News telekanali Eron Milliy Qarshilik Kengashiga tayanib xabar berdi. Eron muxolifati vakili Ali Safaviy telekanalga shunday dedi:

“Bugun Eron gʻarbidagi ikki shaharda juda jiddiy voqealar yuz berdi: ular amalda qoʻlga olingan, odamlar koʻchalarda buni nishonlab bayram qilishyapti. Ular “Xomanaiyga oʻlim!” deb qichqirishyapti”.

Eron Milliy Qarshilik Kengashi prezidenti Maryam Radjaviy ham X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida koʻchaga chiqqan odamlarni qutlab, ular “jazolovchi kuchlarni ortga chekinishga majbur qilganini” taʼkidlagan.

Abdanon shahri Eron gʻarbidagi Ilom viloyatida, Iroq chegarasiga yaqin joylashgan. Malekshohi esa undan taxminan 100 kilometr masofada joylashgan.

Eron Milliy Qarshilik Kengashi maʼlumotlarida aytilishicha, Abdanonda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) namoyishchilarga hujum qilishga uringan. Javoban namoyishchilar IIMKga tegishli boʻlgan “Ofogʻ Kurosh” savdo tarmogʻining doʻkonini yoqib yuborgan.

Malekshohi shahrida toʻqnashuvlar avvalgi kunlarda halok boʻlgan Fores Ogʻa Muhammadiyning dafn marosimi vaqtida boshlangan. Mahalliy manbalarga koʻra, Abdanon namoyishchilar qoʻliga oʻtgach, politsiya xodimlari ham ular tomoniga oʻta boshlagan.

Norozilik namoyishlarini qoʻllab-quvvatlab, AQSHda yashovchi eronlik muxolifat yetakchisi Rizo Pahlaviy ham chiqish qildi. U 6-yanvar kuni The Washington Post gazetasida maqola eʼlon qilib, 2026-yil boshi bilan Eron “chuqur oʻzgarishlar ostonasiga kelib qolgani”ni aytdi. Uning fikricha, Islom Respublikasi “1979-yildan beri boʻlgan davr ichida hech qachon bu qadar zaif va parokanda boʻlmagan”.

Rizo Pahlaviy

Pahlaviy aytishicha, namoyishchilar erkinlik talablari bilan birga uning nomini ham shior qilib qichqirishmoqda. Shu munosabat bilan u “zulmdan xalqning oʻzi tanlaydigan demokratik kelajakka oʻtish”ga boshchilik qilishga tayyor ekanini bildirdi. U Eronning demokratik kuchlarini uch asosiy tamoyil atrofida birlashishga chaqirdi: mamlakat hududiy yaxlitligini saqlash, shaxsiy erkinliklar va fuqarolar tengligini taʼminlash hamda dinni davlatdan ajratish. Uning fikricha, bu tamoyillar milliy yarashuv jarayoni va mamlakat kelajak boshqaruv shaklini belgilaydigan referendum bilan mustahkamlanishi kerak.

Eron davlat axborot agentliklari Abdanon va Malekshohi shaharlari namoyishchilar tomonidan qoʻlga olinganini rad etmoqda. Irna agentligi Abdanonda politsiya namoyishchilarni koʻz yosh chiqaruvchi gaz yordamida tarqatganini bildirgan. Tasnim agentligi esa shundan soʻng namoyishchilar “tarqalib ketgani”ni, shaharda esa tez orada “tinchlik va xavfsizlik tiklangani”ni qoʻshimcha qilgan.

Eron hukumatining yuqori lavozimli vakillari ikki shahar qoʻlga olingani haqida alohida bayonot bermagan. Biroq mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH prezidenti Donald Trampning “Eron namoyishchilariga yordam berishga tayyormiz” degan soʻzlariga javoban, “Eronning ichki ishlari uning xalqidan boshqa hech kimni qiziqtirmasligi kerak”ligini aytgan. “Hukumat va xalq oʻrtasida oʻzaro muloqot va hamkorlik mavjud”, — deya qoʻshimcha qilgan u.

Oliy rahbar Ali Xomanaiy esa norozilik namoyishlariga faqat bir marta — 3-yanvar kuni, namoyishlar boshlanganining yettinchi kuni munosabat bildirgan. U iqtisodiy muammolar mavjudligini tan olgan, ammo milliy valyutaning beqarorligini “dushmanlar ishi” deb atagan.

“Norozilik asosli boʻlishi mumkin, ammo norozilik — tartibsizlik emas. Biz namoyishchilar bilan gaplashamiz, rasmiylar ular bilan muloqot olib borishi kerak. Lekin tartibbuzarlar bilan gaplashish befoyda. Ularni joyiga qoʻyish kerak”, — degan Xomanaiy.

BBC Verify jurnalistlari mavjud videolarni tahlil qilib, 28-dekabrdan buyon norozilik namoyishlari Eronning kamida 31 viloyatidan 17 tasida boʻlib oʻtganini aniqlagan. Ular voqealarning haqiqiy koʻlami “deyarli, albatta, ancha keng” ekanini taʼkidlaydi.

Tehronda ham vaziyat tarangligicha qolmoqda: Katta bozor savdogarlari norozilik aksiyalarini davom ettiryapti, ularga talabalar ham qoʻshilib, “Diktatorga oʻlim” va “Norozilik — bizning ajralmas huquqimiz” shiorlari bilan namoyish oʻtkazishgan. Eron Milliy Qarshilik Kengashi maʼlumotlariga koʻra, ayrim tumanlarda namoyishlar hokimiyat kuchlari bilan toʻqnashuvlarga aylangan.

Chet elda joylashgan Human Rights Activists News Agency (HRANA) tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 10 kun ichida mamlakat boʻylab (27 viloyat va 22 universitetda) oʻtgan norozilik aksiyalari davomida kamida 36 kishi halok boʻlgan — ulardan 34 nafari namoyishchi, ikki nafari esa hukumat kuchlari vakillaridir. Yana ikki mingdan ortiq namoyishchi hibsga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?