Yer uchastkalarini ajratishda shaffoflik taʼminlanadi

07:59 12 Fevral 2022 Jamiyat
891 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida deputatlar bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdi. Ayniqsa, “Tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizgʻin kechdi.

Taʼkidlanganidek, jahon iqtisodiy aloqalarida mehnat migratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Globallashuv jarayonining rivojlanishi bilan migratsiya oqimi ham tobora jadallashib ushbu masalani har tomonlama hal etish davr talabiga aylanmoqda. Shu bois, keyingi yillarda Oʻzbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, sohaning mustahkam qonunchilik asoslari yaratilyapti.

Bu borada Prezidentimiz boshchiligida xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish, mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash amaliyotini kengaytirishga alohida eʼtibor berilayotir.

Mazkur hujjat bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunosti hujjatlari qonun darajasida mustahkamlanadi, xalqaro hujjatlardagi mehnat migrantlarining huquqlariga oid normalar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinadi.

Eng muhimi, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, mehnat migrantlarining hisobini yuritish va ushbu sohada monitoringni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida qonun loyihasini yanada takomillashtirish, maromiga yetkazish boʻyicha qator takliflar bildirildi va loyiha fraksiya aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

Yigʻilishda “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

29 ta moddadan iborat ushbu qonun loyihasi bilan 4 ta kodeks va 22 ta qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, birgina Yer kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirishlarda belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganda yerga boʻlgan huquqlarni bekor qilish boʻyicha kadastr organlarining sudlarga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilish huquqi belgilanyapti.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan barcha qonun hujjatlaridagi yerga oid normalarning oʻzaro muvofiqligi, huquqni qoʻllash amaliyotining yagonaligi taʼminlanadi. Yer uchastkalarini ajratishda shaffoflik taʼminlanib, alohida hujjatlarda belgilangan imtiyoz va istisnolar bekor qilinadi.

Fraksiya yigʻilishida shuningdek, qator qonun loyihalari koʻrib chiqilib, deputatlar tomonidan maʼqullandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?