Yer bandlik va barqaror daromad manbaidir
Xalqimizda bir gap bor: “Baliqchiga baliq berma, qarmoq ber”. Darhaqiqat, mehnatkash xalqimizga qulay sharoit yaratilsa, kerak boʻlsa kesakdan ham olov yoqadi. Bunga Ulugʻnor tumanida ishsiz fuqarolarga ajratilgan yer maydonlarida amalga oshirilayotgan ishlar samarasiga guvoh boʻlgach, yana bir bor amin boʻldik.
Bugungi kunda tumanda 279 nafar sobiq mehnat migrantlari, ishsiz fuqarolar va yosh tadbirkorlar ajratilgan yer maydonlarida mehnat qilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanmoqda. Ularning saʼy-harakatlari natijasida mahsulotlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarda ham oʻz xaridorini topmoqda. Ayniqsa, Rossiya va Tojikiston bozorlariga eksport qilinayotgani aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, tumanning “Nurobod” mahalla fuqarolar yigʻinida 10,2 gektar yer maydoni ajratilib, 41 nafar yoshga biriktirib berildi. Bu yerda pomidor yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularga “Nurobod agro xizmat” MCHJ biriktirilgan. Ishlar “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil etilgani esa agrotexnik tadbirlarni samarali amalga oshirish, mahsulot hosildorligini oshirish va bozorga yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Avvallari Rossiya Federatsiyasida mehnat qilardim, — deydi tomorqachi Abduvosit Ahmedov. — Mahalla faollari migrantlar bilan aloqaga chiqib, tumanimizda ham yaxshi sharoitlar yaratilayotganini, jumladan, yer maydonlari ajratilayotganini maʼlum qilishdi. Shundan keyin qaytib kelib, dehqonchilik bilan shugʻullana boshladim. Oʻtgan yilgi daromadimdan bitta “Labo” avtomashinasini sotib oldim. Tomorqadan boʻsh paytlarimda ushbu avtomobil orqali aholiga xizmat koʻrsatib kelmoqdaman.
Mazkur loyiha doirasida fuqarolarga faqat yer ajratish bilan cheklanib qolinmayapti. Ularning samarali ish yuritishi uchun zarur agrotexnik maslahatlar berilib, amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Bu esa yangi ish boshlagan dehqonlar uchun muhim tajriba maktabi vazifasini oʻtamoqda.
— 2024–2025-yillarda ochiq maydonga ekilgan pomidordan yuqori hosil oldik, — deydi tomorqachi Ibrohimjon Nurmatov. — Bunga lider tadbirkor tomonidan oʻz vaqtida berilgan maslahat va koʻrsatmalar sabab boʻldi. Qachon qanday agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish kerakligi yuzasidan qisqa muddatli oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Masʼullar dalamizga kelib, amaliy tavsiyalar berib turishdi. Hosilni ham oʻzlari sotib olib, eksportga yoʻnaltirishdi. Biz esa mehnat qildik, xolos. Natijasi yomon boʻlmadi. Oʻtgan yilgi hosildan “Damas” avtomashinasi sotib oldim.

Ayni paytgacha ushbu yer maydonlarida ochiq maydonda pomidor yetishtirib, bir yilda oʻrtacha 150 million soʻmgacha daromad olishga erishilayotgan edi. Soʻnggi vaqtlarda issiqxonachilik faoliyati tajriba tariqasida yoʻlga qoʻyildi. Natijada bir yilda uch marta hosil olish imkoniyati yaratilib, 450–500 million soʻmgacha daromad olish mumkinligi amaliyotda oʻz isbotini topdi. Shu bois kelgusida mazkur hududda issiqxonachilikni yanada kengaytirish va unga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirilmoqda.
Bunday tashabbuslar aholi bandligini taʼminlash, ishsiz fuqarolarni daromadli mehnatga jalb etish va qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, fuqarolar oʻz mehnati orqali barqaror daromad manbaiga ega boʻlayotgani ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va fuqarolar daromadlarini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Joylarda yerdan samarali foydalanish, odamlarni tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan bunday amaliy ishlar esa oʻz samarasini berib, ijtimoiy hayotda muhim va tub burilishlarga zamin yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring