YEOII bilan hamkorlik mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nima beradi?
Har bir siyosiy va iqtisodiy qudratga ega boʻlgan davlat oʻzining xalqaro oʻrnini yuqorilatishga urinadi — siyosiy va iqtisodiy nufuzini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Buni tabiiy hol deb qabul qilish kerak.
Albatta, bugungi shiddatli globallashuv sharoiti dunyo mamlakatlari oʻrtasida yuz berayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy tendensiyalari – xalqaro mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalarini chuqur tadqiq etish lozimligini taqozo etmoqda. Shu oʻrinda milliy iqtisodiyotlar oldida jahon hamjamiyatiga samarali integratsiyalashuvni chuqurlashtirish orqali tashqi iqtisodiy siyosatni doimiy takomillashtirib borish vazifasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda ham hozirda koʻplab xorijiy va mahalliy ekspertlarning qizgʻin muhokamalariga sabab boʻlayotgan masala bu Oʻzbekistonning YEOIIga hamkorlik masalasi hisoblanadi. Fikrimizcha, Oʻzbekistonning YEOIIga hamkorlik masalasini tahlil qilish orqali, uni parallel ravishda JSTga aʼzolikka qoʻyilayotgan muhim qadami sifatida qarashimiz ham mumkin. Chunki milliy tovar-mahsulotlarimizni YEOII hududi boʻylab erkin sota olishimiz imkoning paydo boʻlishi va yurtimizga aʼzo mamlakatlar mahsulotlarining erkin kirib kelishi raqobatbardoshligimizni oshirishga xizmat qiladi. Bunda monopol deb hisoblanadigan ayrim tarmoqlarning faoliyati ham xavf ostida qolish ehtimoli yoʻq emas. Aslida bizda ham menejment va ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatdan tubdan oʻzgartirish davri yetib kelgan. Bu kabi omillar oʻz-oʻzidan Oʻzbekistonni JSTga aʼzo boʻlishiga ham xizmat qilishiga asos boʻladi.
Oʻzbekiston YEOII bilan hamkorlik qiladigan boʻlsa, oʻz qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirib boradi va tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar vujudga keladi. Buning natijasida, YEOII bozorini koʻzlagan xorijiy investitsiyalar oqimi yuzaga kelishi mumkin. Zero, shu paytgacha 34 millionlik bozor uchun ishlab kelingan boʻlsa, YEOIIga kirish natijasida 184 milliondan oshiqroq inson istiqomat qiluvchi bozorga hech qanday bojlarsiz kirish imkoni paydo boʻladi. Oʻzbekiston bu bozorga oʻzining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda koʻrishi mumkin boʻladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik qilishi, ittifoqqa aʼzo 5 davlat bilan standartlarni birlashtirish orqali chegaralardagi ortiqcha tekshiruv va ulardan kelib chiqadigan vaqt sarfining oldini olishiga hamda eksport qiluvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlarini YEOII hududiga ancha erkin chiqarilishiga erishishi mumkin boʻladi.
Ushbu hamkorlik natijasida qoʻshimcha ravishda qiymati 1,6 mlrd. AQSH dollariga teng mahsulotlarni eksport qilish, temir yoʻlda tashish xarajatlarini 220 mln. AQSH dollariga arzonlashtirish hamda mehnat migrantlari daromadlarini 15-20 foizga oshirish imkoniyatlari paydo boʻladi.
Qishloq xoʻjaligida bojxona tartiblarini soddalashtirish hisobidan YEOII davlatlariga Oʻzbekistondan meva-savzavot mahsulotlarini yetkazib berish hajmi oshadi. Shuningdek, xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblari soddalashtiriladi, yoʻlovchilarning, yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishi taʼminlanadi.
Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqargan mahsulotlarini eksport qilishida koʻplab imkoniyatlar yaratiladi.
Tan olish kerak, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik qilishi ayrim xavf-xatarlar yuzaga keltirishi mumkin. Bu haqda soʻz ochilganda, birinchi navbatda, ichki bozordagi xorijiy investorlar himoyasi, aʼzo davlatlarning jahon siyosatidagi muammolarining taʼsiri, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jiddiy raqobatga duch kelishi kabi omillarni sanash mumkin.
Shu bilan birga mamlakatimizda mahsulotlari yuqori narxga ega boʻlgan korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsirlar boʻlishi, ichki bozorda import mahsulotlar hajmi koʻpayishi, ayrim tovarlar bozorida raqobatning ortishi, hozir turlicha boʻlgan texnik tartibga solish va standartlarni bir xil qilish bilan bogʻliq muammolarning paydo boʻlishi, tayyor sanoat tovarlarini ishlab chiqarish boʻyicha tafovutning ortishiga olib kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishining qator ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Ammo uning ijobiy jihatlari ancha koʻp va salmoqli hisoblanadi. Ittifoq bilan hamkorlik qilish Oʻzbekistonning manfaatlariga mos keladi. Hamma gap YEOII bilan hamkorlik qilishda milliy manfaatlarimizning ustunligini taʼminlashda. Ana shunda bu hamkorlik xalqimiz uchun xizmat qiladi va mamlakatimiz iqtisodiyotining yana-da oʻsishiga yordam beradi.
Komiljon Ernazarov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring