Entoni Blinkenning Kiyevga kutilmagan tashrifi ukrainaliklarga ishonch signali sifatida baholanmoqda

13:30 14 May 2024 Dunyo
326 0

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga kutilmagan diplomatik tashrif bilan keldi. U Amerika Qoʻshma Shtatlari Ukrainani qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor taʼkidlab, Ukraina shimoli-sharqidagi Xarkov viloyatida yangi front chizigʻini ochgan rus qoʻshinlarini siqib chiqarish uchun kurashayotganini maʼlum qildi.

AQSHning uzoq kutilgan 61 milliard dollarlik harbiy yordami qabul qilinganidan keyin Qoʻshma Shtatlar rasmiysi tomonidan amalga oshirilgan birinchi safar boʻldi. Kotib Kiyevga erta tongda poyezdda yetib kelgan. Jurnalistlarga anonimlik sharti bilan maʼlumot bergan AQSH rasmiysiga koʻra, Blinkenning bu tashrifi ogʻir vaziyatda qolgan ukrainaliklarga ishonch signalini bildirish boʻlgan.

Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, Blinken Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va mamlakatning boshqa yuqori martabali amaldorlari bilan jang maydonidagi yangilanishlar, AQSHning yangi xavfsizlik va iqtisodiy yordamining taʼsiri, Ukrainaning iqtisodiy tiklanishini kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muhokama qilish uchun uchrashadi. Bu uning Kiyevga 2022-yilning fevralida Rossiya keng koʻlamli bosqinini boshlaganidan beri toʻrtinchi tashrifi boʻldi. Entoni Blinken mamlakatda oxirgi marta oʻtgan yilning sentyabrida boʻlgan edi.

Dushanba kuni AQSH Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Vashington Ukrainaga qurol-yarogʻ yetkazib berishni tezlashtirishga urinayotganini aytgandi.

— Kechikish Ukrainani inqirozga boshladi va biz ularni bu holatdan imkon qadar tezroq chiqarib olishimiz kerak, — degan Sallivan. Shuningdek, shu hafta yangi qurol paketini yuborish eʼlon qilinishini qoʻshimcha qilgan. Yana bir AQSH rasmiysiga koʻra, artilleriya, havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari va uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar allaqachon yetkazilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?