Yelkangizga oftob tekkani rost boʻlsin
Xalqaro bozorga chiqishi mumkin boʻlgan mahsulotlar orasida Qoshqayronning qanday oʻriklariga talab yuqori. Vodiyda qoshqayronliklarni quyoshni yelkasida koʻtargan odamlar, deya taʼrif berishadi. Fargʻonadagi sanoqli oʻrik bozorining eng kattasi Rishtonda. Mazasi til yorar bunday oʻrik yetishtirishda bu mahalladagilarning oldiga tushadigani yoʻq. Ayni paytda mahalladagi 350 gektar bogʻning salmoqli qismi oʻrik bogʻi hisoblanadi. Darmondorilarga boy ushbu meva tabiiy holda turli usulda quritilib qadoqlanadi. Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, hatto AQSH va Yevropagacha eksport qilinmoqda.

Agar oʻrik gullaganda Qoshqayronga kelsangiz, erta pishar oʻrikzorlardagi goʻzallikdan hayratga tushasiz. Yaqin yillargacha mahalla ahli yozning changidan, qishning loygarchiligidan yuragi bezillab qolgandi. Bolalar loy koʻchalardan eski bogʻcha va maktabga qatnardi. Mahalla ahlining hamjihatligi tufayli “Tashabbusli byudjet” loyihasida bir necha marotaba gʻolib boʻlib, 10 km ichki yoʻllar toʻliq asfalt qilindi. Elektr taʼminoti yaxshilandi, aholi tomorqasi va bogʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida 5 ta tik quduq chiqarilishi taʼminlandi. “Qoshqayron mahalla servis kompaniyasi” MCHJ tashkil etilib, shaxsiy tomorqa egalariga koʻmaklashish uchun 20 dan ortiq xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Endilikda chilangarlik, santexnika, tomorqa va bogʻ yerlariga traktorda ishlov berish, payvandlash, taʼmirlash va obodonlashtirish xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

— Joriy yilda 736 ta oilada 2206 nafar aholi istiqomat qiluvchi maskanni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga harakat qilyapmiz, — deydi mahalla raisi Dilmurod Hamroyev. — Keyingi uch yilda mahallamizga davlat byudjetidan 20 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bu kichkina mahalla uchun juda katta ragʻbat, gʻamxoʻrlik. Mahalla hududidagi 11-umumiy oʻrta taʼlim maktabi uchun qoʻshimcha oʻquv binosi qurib bitkazildi. Yillar mobaynida eʼtibordan chetda qolgan 28-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti Investitsiya dasturi asosida mukammal taʼmirlandi. Mahalla kutubxonasi tashkil etilib, oʻzbek va jahon adabiyotining eng durdona asarlari bilan jihozlandi. Ezgu tashabbuslar doirasida hashar yoʻli bilan mahalladagi ikkita kam taʼminlangan oila uchun bejirim uy qurib berildi. Mahallamizdagi tashlandiq joyda zamonaviy mini market, sartaroshxona ish boshladi. Umumiy ovqatlanish shoxobchasi, fitnes klub kabi xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlari ham tobora koʻpayib bormoqda.

Bugun mahalladagi 60 ga yaqin xonadon tomorqasida issiqxonalar bunyod etilib, pomidor-bodring, achchiq qalampir, limon yetishtirish boʻyicha ham omilkorlik oshib bormoqda. Bu boradagi ishlar koʻlamini yanada oshirish maqsadida joriy yilda 60 ta mikroloyiha ishlab chiqildi.
– Qarovsiz qolgan 35 sotix yerda Janubiy Koreya tajribasi boʻyicha zamonaviy issiqxona barpo etdim, – deydi yosh tadbirkor Behruz Rahimberdiyev. – Mart oyining ilk kunlarida hosilni yigʻib olishga kirishaman. Oʻrtacha 150 tonna mahsulotni xorijga eksport qilishni maqsad qilganman. “Mahalla yettiligi” koʻmagida yana 20 sotix maydonda issiqxona tashkil etib, bir necha tengdoshlarimni yonimga olmoqchiman. Mahalla bankiri tavsiyasi asosida 300 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi.

Bundan ruhlangan tadbirkorlarimiz dunyoga boʻylayapti, bogʻbonlar ilgʻor agrotexnologiyalar yordamida Osiyo, Yevropadan keltirilgan mevali daraxtlarni ekib, intensiv bogʻlarni koʻpaytirmoqda. Yangi meva navlari mahalliylashtirilyapti. Qoshqayronlik yigit-qizlar tibbiyot, huquq, iqtisod, IT yoʻnalishida mamlakatimizning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarida oʻqimoqdalar. Aslida maqsadlar mushtarakligi yoʻlida hamjihatlik boʻlsa, yelkasiga oftob tegib qaddini baland koʻtarayotgan qoshqayronliklarning orzulari ijobat boʻlaveradi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring