Yekaterinburgda qiyin vaziyatga tushib qolgan Oʻzbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi

10:39 06 May 2025 Jamiyat
115 0

Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari koʻmagida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida mushkul ahvolda qolgan vatandoshlarimiz vatanga qaytarildi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, hamyurtimiz S.L. Yekaterinburg shahriga turmush oʻrtogʻi bilan vaqtincha ishlash maqsadida kelgan qizi M.O.ning tugʻruqxona bilan bogʻliq muammolarini hal qilib berishni soʻrab, Oʻzbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan.

Mazkur murojaatga asosan Bosh konsulxona huzuridagi “Ayollar kengashi” raisi tomonidan ushbu holat har tomonlama oʻrganib chiqilgan. Maʼlum boʻlishicha, M.O. Yekaterinburg shahrida turmush oʻrtogʻi, onasi va voyaga yetmagan farzandi bilan yashab kelgan. Turmush oʻrtogʻi oilaviy kelishmovchilik sabab ularni tashlab ketgan.

“Mahalliy shifokorlar bilan olib borilgan maslahatlar natijasida boʻlgʻusi onaning homilasiga va Oʻzbekistonga qaytishi uchun tahdidlar yoʻqligi maʼlum boʻldi”, — deyiladi xabarda.

Bosh konsulxona xodimlari va Sverdlovsk viloyatidagi faol vatandoshlar koʻmagida hamyurtlarimizning doimiy yashash manziliga yetib olishi uchun “Yekaterinburg-Toshkent” yoʻnalishidagi samolyotga chipta xarid qilib berilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston diplomatlari mazkur oilani 3-may kuni Yekaterinburg shahridagi “Kolsovo” xalqaro aeroportidan Toshkent shahriga kuzatib qoʻygan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?