Duoingiz meni asraydi!
Ona... Bu soʻzni tilga olgan insonning qalbida darhol iliqlik uygʻonadi. Chunki ona mehr-shafqat timsoli, sabr va matonat namunasi, fidoyilik va bagʻrikenglik maktabidir. Ona — hayotimizdagi ilk muallim, ilk ustoz, ilk yoʻlboshchi. Inson bu dunyoga kelgan ilk ondan boshlab, ona mehri bilan ulgʻayadi, duosi bilan kuch topadi, ishonchi bilan qanot yozadi.
Onajon, siz men uchun nafaqat hayot baxsh etgan inson, balki butun taqdirimni shakllantirgan ulugʻ zotsiz. Endigina tetapoya boʻlganimda asrab-avaylaganingiz, qoʻrquvimni qalb taftingiz bilan bosganingiz, har bir injiqligimga bardosh berganingiz bularning barchasi xotiramda muhrlanib qolgan.
Men ilk bor “ona“ deb aytganimdagi quvonchingizni, ilk qadamlarimni koʻrib sevinganingizni tasavvur qilaman. Oʻsha paytlardanoq siz oʻz orzu-umidlaringizni farzandingiz baxti bilan bogʻlab qoʻygansiz. Oʻzingizni emas, avvalo, bizlarni oʻylagansiz, oʻz oromingizni emas, farzandlaringizning tinchligini ustuvor bilgansiz.
Men bugun hayotda nimagadir erishgan boʻlsam, odamlar ishonchini qozonayotgan boʻlsam bularning barchasida sizning mehnatingiz, tarbiyangiz va duoingiz bor. Siz bergan tarbiya tufayli men halollikni, adolatni, mehr-oqibatni hayotimning asosiy mezoni, deb bildim.
Siz menga inson qadrini ulugʻlashni, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr koʻrsatishni oʻrgatdingiz. “Yaxshilik qil, qaytmasa ham afsuslanma“ degan oʻgitingiz hayotim shioriga aylandi. Sizning samimiyligingiz, soddaligingiz va tozadilligingiz men uchun eng katta namunadir.
Onajon, inson hayotda turli sinovlarga duch keladi. Qiyinchiliklar, tashvishlar, masʼuliyatlar bularning barchasi insonni toblaydi. Ammo men har qanday vaziyatda oʻzimni yolgʻiz his qilmayman. Chunki ortimda sizning duolaringiz, ishonchingiz va mehringiz borligini bilaman. Ona duosi eng kuchli panoh, eng mustahkam qalqon.
Onajon, men sizning mehringizni hech qanday soʻz bilan toʻliq ifoda eta olmayman. Chunki ona mehri oʻlchovsiz, beqiyos va abadiy neʼmat. Dunyodagi barcha goʻzal soʻzlar jamlansa ham, ona mehrini tasvirlab berishga ojizlik qiladi.
Onajon, siz nafaqat mening, balki butun oilamizning faxrisiz. Sizning hayot yoʻlingiz fidoyilik, sabr va mehr bilan toʻlgan ibratli maktab. Biz sizdan hayotda toʻgʻri yashashni oʻrgandik.
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz onajonim!
Malika QODIRXONOVA, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring