Dunyodagi eng baxtiyor ayolman

16:12 04 Mart 2026 Jamiyat
273 0

Fermer xoʻjaligimiz tashkil etilganiga 25-yil, qishloq xoʻjaligida ishlayotganimga 42-yil boʻldi. Hozirda salkam 60 gektar yerda dehqonchilik qilamiz. Lekin hech qachon bu yumushdan zerikkan emasman. Dalalarimni bir kun koʻrmasam sogʻinaman. Keyingi yillarda eʼtibor va ragʻbat tufayli paxtachilik va gʻallachilik tarmogʻida yutuqlar salmogʻi jadal yuksalmoqda. Ayni paytda gʻalla hosildorligi gektariga 85-90 sentnerdan oshdi. Oʻtgan yili yangi paxta navi ekish orqali har gektar yerdan qariyb 50 sentnerdan daromad olishga muvaffaq boʻldik. Aslida yaqin yillargacha ham bu boradagi koʻrsatkichlarimiz maqtanarli emasdi. Yildan yilga qoʻshimcha tarmoqlar jadal rivojlanyapti. Chorvachilikka katta eʼtibor qaratganmiz.

Hozirda barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarimiz bor. Oʻzim eng zamonaviy avtomashina haydayman. Daromadlarimiz oshib borayotgani mahalladagi ezgu tashabbuslarga bosh-qosh boʻlish imkonini bermoqda. Yaqin yillarda fermer xoʻjaligimiz homiyligida “Jahonobod” MFYda 100 oʻrinli muhtasham bolalar bogʻchasi qurib bitkazildi. Natijada mahallamiz kichkintoylarining uzoq yillik orzusi ushaldi. Endilikda yana 100 oʻrinli qoʻshimcha bino qurish, bu yerda yaratilgan ish oʻrinlarini 30 tadan oshirish maqsad qilingan.

Oʻz navbatida mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborimizda. Shu maqsadda mahallaga har yili oʻrtacha 30 million soʻm homiylik yordami koʻrsatamiz. Fermer xoʻjaligimiz hisobidan nuroniylar, bemorlar va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi. Hududdagi mashina traktor parki rahbariman. Tasarrufimizda 22 ta fermer xoʻjaliklari mavjud boʻlib, umumiy ekin maydoni deyarli 1,5 ming gektarni tashkil etadi. Tajribali fermerlar bilan hamkorlikda zamonaviy yondashuvlar asosida ishlab, yangi-yangi tarmoqlar kengaytirilmoqda. Kuni kecha davlatimiz rahbari farmoniga koʻra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim yerga mehr berganimiz va eldan mehr koʻrayotganimizning amaldagi yana bir tasdigʻidir.

Lobarxon NORMATOVA,

Rishton tumanidagi “Furqat” fermer xoʻjaligi rahbari, “Shuhrat” medali sohibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер