Dorilomon kunlar shukronasi

10:16 27 Fevral 2026 Jamiyat
235 0

Sharqona yogʻoch darvozali, shinamgina hovliga kirsangiz, Usmonjon ota Rahimov sizni ilk qadamdayoq manzirat bilan kutib oladi. Dasturxoni doimo ochiq – xolva-yu patir, bir piyola koʻk choyi tayyor turadi. Koʻksida sanoqsiz orden va medallari yarqirab turgan 102 yoshli otaxonning yorugʻ kunlarga shukronasi cheksizdir.

— Yurtboshimizning umrlari uzoq boʻlsin, — deydi urush faxriysi. —Oʻtgan yili 9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida gʻalabaning 80-yilligi munosabati bilan esdalik nishon bilan taqdirlashdi. Koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Axir, bunday dorilomon kunlarga yetib kelishning oʻzi baxt emasmi?

Bolaligi hozirgi Oʻzbekiston tumani markazi – Yaypan atrofidagi mahallalarda oʻtgan otaxon hovlisida 10 quti asalari uyasi borligini, qahatchilik yillarida asal, mayiz, oʻrik qoqisi, jiyda bilan oilalar tirikchilik qilganini eslaydi.

– Ota-onam dalada ishlardi, – deydi Usmonjon ota. – Bir kuni rais Qoʻqon arava ulangan bir juft hoʻkiz berdi. Ayollar qizilchalarni terib beradi, uni xirmonga tashiyman. Bir kuni uyda qora qozonni qaynatish uchun hoʻkizim boʻyniga ikki dona qizilchani bogʻlab oldim. Oʻshanda tunda nazoratchilar kelib, jazo sifatida urushga yuborishdi. Qisqa muddatli oʻquv-mashgʻulotlaridan soʻng turli qoʻshinlarda xizmat qildim. Baʼzan jang maydonlarida och qolib, daraxtlar ildizini yegan paytlarimiz ham boʻlgan. Ana shunday vaziyatlarda yurt sogʻinchi, yaqinlar diydori umidi va uydan kelgan xatlar, suratlar tasalli bergan. Urushda koʻp doʻstlarimni yoʻqotdim, ulardan qolgan jarohatlar hali ham bitmagan. Bir jangda oyogʻimning orqa tomoniga oʻq tegib, oʻng oyogʻimning bosh barmogʻi jarrohlik amaliyoti orqali olib tashlangan. Urush tugagandan soʻng uyimga qaytdim. Otam dunyodan oʻtgan, onam kasallik tufayli toʻshakka mixlanib qolgan ekan. Dastlab dalada ishladim. Oʻsha yillarda qishloqda hayot ogʻir edi. 1954-yili oila qurib, farzandlar koʻrdik.

– Usmonjon ota urushdan soʻng uzoq yillar temir yoʻl sohasida ishladi. Hozir 5 million soʻmdan ortiq nafaqa oladi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Fargʻona viloyati boshqarmasi mutaxassisi Davlatjon Polvonov. – Har kuni patronaj hamshirasi otaxon ahvolidan xabar oladi. Asrlarni qaritgan bunday nuroniylar mahallamiz faxridir.

Otaxonning fayzli hovlisini nabiralaru evaralarining shodon kulgisi toʻldirib turibdi. Ular har bayramda sovgʻa-salomlar, tansiq taomlar bilan bobosini qutlagani kelishadi. Bobo ham evaralariga oʻzi ekkan daraxtlardan mevalar uzib beradi.

— Men orzu qilgan zamonni evaralarim koʻryapti, – deydi otaxon koʻziga sevinch yoshini olib. – Bularning baxtiga zamonimiz tinch, osmonimiz musaffo, hayotimiz toʻkis. Ularga aytadigan gapim bitta – yorugʻ kunlarning qadriga yetinglar, mehnatdan boʻyin tovlamanglar, hayot sinovlariga yengilmanglar, insonni chiniqtiradigan, ulugʻ qiladigan fazilat sabru qanoatdir. Aslo urush koʻrishmasin, urush haqida faqat kitoblardan oʻqishsin! Unutmang, tinch-osoyishtalik inson uchun eng qutlugʻ neʼmatdir.

Shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytib yashayotgan Usmonjon otaga sihat-salomatlik, omonlik tilaymiz. Shunday nuroniylarimiz bor ekan, yurtimizning fayzu barakasi aslo kamaymaydi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер