Deputat koʻmagi ila...

11:16 01 Aprel 2026 Jamiyat
141 0

Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati Zardunoy Ismoilova tashabbusi bilan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, Jalaquduq tumanidagi “Oila va xotin-qizlar maskani”da “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish va ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

— Bugungi kunda xotin-qizlarni eng koʻp qiynayotgan muammolardan biri bu ishsizlik, kasbga ega emaslik va shu bilan bogʻliq ijtimoiy muammolardir, — deydi Zardunoy Ismoilova. — Ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi ayollar uchun imkoniyatlar cheklangani ularning faolligini pasaytirmoqda. Biz xalq oʻz ishonchini bildirgan deputatlar sifatida bu muammolarga befarq boʻlishga haqqimiz yoʻq. Shu bois tashabbus koʻrsatib, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish, ularni ish bilan taʼminlash orqali hayotlarida ijobiy oʻzgarishlar qilishga hissa qoʻshishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.

Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi oʻlaroq, soʻnggi kunning oʻzida Beshkaram, Namuna va Beshtol mahallalaridan 10 nafar xotin-qiz “Zumrad tekstil” MCHJga ishga joylashtirildi. Bu kabi saʼy-harakatlar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, eng muhimi, oilalar farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?