Denovda Navoiy sharafiga haykal ochildi
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan uning sharafiga haykal oʻrnatildi. Ushbu tarixiy va maʼnaviy ahamiyatga ega voqea tuman hamda viloyat ahli tomonidan katta quvonch bilan qarshi olindi.
Maʼlumki, har yili 9-fevral kuni mamlakatimiz boʻylab ulugʻ shoir Alisher Navoiy tavallud sanasi keng nishonlanadi. Bu yil ham hazrat Navoiy tavalludining 585 yilligi yurtimizda maʼnaviy yuksalish ruhida oʻtmoqda. Ulugʻ allomaga boʻlgan cheksiz hurmat va ehtirom ifodasi sifatida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar uning boy maʼnaviy merosini avlodlar ongiga singdirishga xizmat qiladi.

Haykalning ochilish marosimida tuman hokimligi masʼullari, institut professor-oʻqituvchilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir va adiblar, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar Alisher Navoiy hayoti va ijodiga atroflicha toʻxtalib, uning badiiy-estetik tafakkuri, turkiy til taraqqiyotida tutgan beqiyos oʻrni, maʼnaviy-maʼrifiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatini alohida taʼkidladilar.
Navoiy nafaqat mumtoz adabiyotning zabardast namoyandasi, balki milliy tafakkur meʼmori, maʼrifatparvar davlat arbobi va ona tilining davlat tili sifatida yuksalishi uchun kurashgan ulugʻ zot sifatida eʼtirof etildi.

Marosim doirasida soʻz mulkining sultoniga bagʻishlangan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ham oʻtkazildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari, davra suhbatlari, gʻazalxonlik kechalari bayramga alohida ruh va shukuh bagʻishladi.
Shubhasiz, mazkur haykal nafaqat buyuk shoir xotirasini abadiylashtirish, balki yosh avlodni milliy maʼnaviy merosga hurmat, vatanparvarlik va maʼrifat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tomonidan ilgari surilgan ushbu ezgu tashabbus yoshlarning maʼnaviy kamoloti va milliy iftixor tuygʻusini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring