Davlat dasturining 70 dan ziyod bandi ijrosi nega kechiktirib bajarilgan?
Joriy yilning 25-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 2020-yilda bajarilishi yuzasidan hisoboti eshitildi.
Yigʻilishda fraksiya aʼzolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda Davlat dasturining asosan iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtishdi.
Hisobotda taʼkidlanganidek, pandemiya davrida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilib, 2020-yilning 1-aprelidan 1-oktyabriga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi 50 foizgacha kamaytirilgan. Tadbirkorlarning murojaatlari asosida oʻtgan yilda pandemiya oqibatida faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan 3 442 ta kichik biznes subyektlariga 147 mlrd soʻmdan ziyod soliqlarini toʻlash muddati kechiktirilgan.
Kichik tadbirkorlik subyektlari yer va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan ozod qilinib, 50 mingta kichik tadbirkorlik subyektlari 568 mlrd soʻmlik imtiyozlardan foydalangan. Xususan, 2020-yil davomida kichik korxona va mikrofirmalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha pasaytirilishi natijasida 262 mingta subyektlar ixtiyorida 854 mlrd soʻm mablagʻlar qolgan.
Hisobot davrida shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining uzluksiz ishlashlariga sharoit yaratish, aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish maqsadida 2020-yilda 5,8 mingta subyektga 9 trln soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻidan salbiy farq summalari byudjetdan qoplab berilgan. Karantin davrida tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining 26,5 trln soʻmlik kreditlar boʻyicha toʻlovlari muddatlari 2020-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirilgan.
Yigʻilishda bu borada qilingan ishlar alohida eʼtirof etilib, hukumat hisoboti yuzasidan deputatlar oʻz nuqtayi nazarini, tanqidiy mulohaza va takliflarini bayon qildilar.
Xususan, davlat dasturidagi 206 ta band toʻliq bajarilgan boʻlsa-da, koʻplab belgilangan vazifalarni kechikib bajarish holatlari ham uchramoqda. Masalan, davlat dasturining 70 dan ziyod bandi 1 oydan 10 oygacha ijro muddati kechiktirib bajarilgan, 20 ta band boʻyicha belgilangan tadbirlar muddatida bajarilmagani tufayli uzaytirilgan. 39 ta band boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan boʻlsa-da, ular oʻz vaqtida qabul qilinmagan.
Shuningdek, vazirlik va idoralar tomonidan “bajarilgan” deb hisobot berilgan ayrim vazifalar mohiyatan bajarilmasligi holatlari boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejalari hamda “Yoʻl xarita”lari tasdiqlangan boʻlsa-da, ushbu hujjatlarning ijrosi taʼminlanmaganlik holatlari mavjud. Qolaversa, ijro muddati kechiktirilgan yoki qoʻshimcha ishlanishi belgilangan holda, vazirlik va idoralar tomonidan kechikish sabablari yuzasidan jamoatchilikka tushuntirish berilmayotganlik holatlari ham kuzatilmoqda.
Xalq vakillari pandemiya davrida iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida eʼtibor qaratdilar.
Qayd etilishicha, 2020-yilda qishloq xoʻjaligida mavjud yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, aholini qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, sohada yangi ish oʻrinlari yaratish, manfaatdorlikni oshirish va ilgʻor yondashuvlarni joriy etish masalalari agrar sohaning eng ustuvor yoʻnalishlari boʻlgan.
Masalan, lalmi va yangi yerlarni oʻzlashtirish, foydalanishdan chiqqan maydonlarni oborotga kiritish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar hisobiga yerga yer qoʻshish orqali qishloq hududlarda yangi ish oʻrinlar yaratishga erishilgan. Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish Konsepsiyasi doirasida jami 101,8 ming gektar, shundan foydalanishdan chiqqan 67,5 ming gektar, sugʻoriladigan 34,3 ming gektar lalmi va yaylov yerlar qayta foydalanishga kiritilgan.
Eʼtiborli jihati, davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan 358,4 mlrd soʻm mablagʻ hisobidan 54,3 ming ga yerni foydalanishga kiritish uchun 780 km irrigatsiya-melioratsiya obyektlari qurilib, rekonstruksiya qilingan. 76 dona nasos agregatlari oʻrnatilib, 171 dona tik quduqlar qazilgan.
Yigʻilishda fraksiya aʼzolari hisobot yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan holda, qizgʻin, amaliy va tanqidiy ruhda kechgan savol-javoblardan soʻng hukumat hisobotini maʼqulladilar.
Kun tartibidagi keyingi masala – “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi nazarda tutilmoqda. Qolaversa, xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilyapti.
Xalq vakillari qonun loyihasining qabul qilinishi orqali umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida saylov qonunchiligi yana-da takomillashtirilishini aytib, qonun loyihasini maʼqullashdi.
Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring