Dastlabki eshituv — qonunchilikda yangi institut
“Dastlabki eshituv va aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv institutlariga oid jinoyat-protsessual qonunchilikni qoʻllash: muammo va yechimlar”. Ushbu mavzudagi davra suhbati Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Tadbirda qonunchilikdagi mazkur yangi institutlarning amaliyotga samarali tatbiq etish, bu boradagi yuzaga kelayotgan muammolar va uning yechimlari xususida soʻz yuritildi.
Aytildiki, soʻnggi yillar mobaynida mamlakatimiz jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida uning normalarini takomillashtirish, jinoyat protsessiga jalb etiladigan fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini soʻzsiz taʼminlash maqsadida ilgʻor xalqaro standartlar va xorijiy amaliyotni implementatsiya qilishga qaratilgan sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi.
Xususan, dastlabki eshituv — qonunchilikda yangi institut. Mazkur institut surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan bevosita sud nazorati shakllaridan biri hisoblanib, jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida jinoyat ishining kelgusi harakati masalalari tortishuv prinsipini amalga oshirish orqali hal etilishini koʻzda tutadi. Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv institutining joriy etilishi sudga kelib tushgan jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida taraflarning ishtirok etishi va ularning fikrlari tegishli qaror qabul qilinishida inobatga olinishini taʼminlaydi.
Aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv ham yangiliklardan biri boʻlib, u milliy huquq tizimini demokratlashtirish boʻyicha islohotlarning mantiqiy davomi sifatida, davlatning inson huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha konstitutsiyaviy majburiyatini bajarishga xizmat qiladi.
Mazkur institut jinoyat protsessining barcha ishtirokchilari manfaatlariga xizmat qiladi, shu jumladan, jinoyatlarning sodir etilishi natijasida yetkazilgan mulkiy, moddiy va maʼnaviy zarar tez va toʻliq qoplanadi; oʻz navbatida, jabrlanuvchi bilan ayblanuvchi (gumon qilinuvchi) oʻrtasida yuzaga kelgan nizoli vaziyatni bartaraf etishga xizmat qiladi; sodir etilgan jinoyatlarni sud-tergov organlari tomonidan koʻp kuch va vaqt sarf etmagan tarzda tez va toʻliq fosh etish imkoniyati yuzaga keladi; uyushgan guruh va jinoiy uyushmalarning faoliyatiga chek qoʻyish va ularning har bir aʼzosi sodir etgan jinoyatni fosh etish imkonini beradi.
Yaʼni mazkur institut ham ayblanuvchi, ham jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlarining manfaatlariga xizmat qiladi. Ayniqsa jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda ish xajmi keskin koʻpaygan bir sharoitda, sud tergovi oʻtkazmasdan ish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish, yaʼni protsessual kuch va vositalarni tejash imkonini beradi.
Har qanday yangi institutni amaliyotda joriy qilishda muayyan qiyinchiliklar boʻladi, albatta. Shu jumladan, milliy huquq amaliyoti uchun mutlaqo yangi institut boʻlganligi, qonunni qoʻllash amaliyotiga tayyorgarlik yetarli darajada boʻlmaganligi sababli aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv va dastlabki eshituvni amaliyotga joriy qilishda bir qator muammolar mavjud. Mazkur muammolar ham qonunchilik, ham amaliyot, shu jumladan jinoyat ishini yuritish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarning professional tayyorgarlik darajasi bilan bogʻliq.
Tadbirda bunday muammolar ochiq muhokama qilinishi bilan birga dastlabki eshituv va aybga iqrorlik haqida kelishuv institutini samarali qoʻllash maqsadida, JPKning yangi loyihasiga oʻzgartirishlar kiritish va qonunni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring