Soʻx tumani tibbiyot turizmi rivojlangan hududga aylantiriladi

13:57 18 May 2022 Jamiyat
789 0

Soʻnggi yillarda Soʻx tumanining tibbiy salohiyatida oʻsish kuzatilmoqda. Bunga tizimni tubdan yaxshilash boʻyicha qabul qilingan qator farmon va qarorlar, shifo maskanlarining zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi oshganligi va xalqimizning sogʻlom va uzoq umr kechirishiga alohida eʼtibor qaratilayotgani sabab boʻlayotir.

Tumanga qoʻshni mamlakatlardan davolanish uchun kelayotgan bemorlar soni koʻpayayotganligi ham buning dalilidir.

Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi hududdagi tibbiyot turizmi yoʻnalishida yangi maskanlarni tashkil etish boʻyicha imkoniyatlarni oʻrgandi.

Oʻrganish jarayonida aholi va qishloq faollari bilan suhbatlar olib borildi. Ular bilan sohadagi kelgusi rejalar boʻyicha maslahatlashildi.

Markaziy shifoxona hovlisidagi boʻsh joydan unumli foydalanib, zamonaviy diagnostika markazi qurish, Hushyor qishlogʻidagi oilaviy poliklinika binosida qoʻshimcha 20 oʻrinli shifoxona tashkil etish hamda sogʻlomlashtirish sanatoriylari va oromgohlarni rekonstruksiya qilish boʻyicha kelishib olindi.

Shuningdek, tuman markaziy shifoxonasining xirurgiya boʻlimini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, faoliyatni sifatli yoʻlga qoʻyish ishlari amalga oshiriladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?