Chorbakr turizm qishlogʻiga aylanadi

14:38 15 Sentyabr 2025 Jamiyat
88 0

Chorbakr yurtimizdagi eng qadimiy goʻshalardan sanaladi. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, u yashab oʻtganiga ming yildan ziyod boʻlgan toʻrt avliyo —Hazrat Abu Bakr Saʼd Yamaniy, Hazrat Abu Bakr Homid, Hazrat Abu Bakr Muhammad ibn Fazl, Hazrat Abu Bakr Tarxon sharafiga shu nom bilan atalgan.

Chorbakrlar va ularning avlodlari oʻzlariga vaqf qilib berilgan yerlardan olingan daromadni el-yurt farovonligi, ilmu maʼrifat ravnaqi uchun sarflashgan. Buxoroda katta nufuzga ega boʻlishgan. Hukmdorlar ularning maslahati, yoʻl-yoʻrigʻiga ehtiyoj sezgan. Bu yerda bir-biriga tutash oilaviy xazina va daxmalar, xonaqo, masjid bor. Ular yaxlit holda Markaziy Osiyodagi eng yirik qadimiy qadamjolardan biri hisoblanadi. Chorbakrda koʻplab ziyoratchilarni uchratish mumkin.

Aynan shu kabi omillar bu koʻhna manzilni turizm qishlogʻiga aylantirish gʻoyasiga sababchi boʻldi. Shunga koʻra, qishloq boʻylab salkam bir kilometr masofada koʻplab xizmat koʻrsatish shoxobchalari, milliy taomlar tayyorlanuvchi shinam oshxonalar, koʻngilochar goʻshalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Yon-atrof obodonlashtiriladi. Qoʻl mehnatiga asoslangan hunarmandchilik buyumlari tayyorlash qamrovi kengaytiriladi. Madaniy tadbirlar uyushtirishga shart-sharoit yaratiladi. Bu yangi ish oʻrinlari yaratilishiga ham olib keladi. Ushbu xayrli ish davlatimiz rahbarining 2024-yil 12-avgustdagi “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bajarilmoqda.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер