“Chelsi”da navbatdagi gʻalaba, “Liverpul”da esa inqiroz davom etmoqda

12:28 23 Noyabr 2025 Sport
375 0

Kecha, 22-noyabr kuni Angliya Premyer-ligasida 12-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasidagi muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.

“Chelsi”dan navbatdagi gʻalaba

Angliya klublarida soʻnggi yillarda barqarorlik boʻyicha jiddiy muammolar bor. Barqarorlik haqida gap ketsa, birinchi oʻrinda Londonning “Chelsi” jamoasi koʻpchilikning yodiga keladi. “Aristokratlar” bir qaraysan — PSJ kabi klubni magʻlub etib, Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatida gʻolib boʻladi, yana bir bahsda esa Ozarbayjon chempionati vakili bilan durang oʻynaydi.

Ammo “Chelsi”ning soʻnggi oʻyinlarida natijalar bir maromga tusha boshladi. Jamoa “Byornli“ga qarshi oʻyingacha 4 ta uchrashuvlik magʻlubiyatsiz seriya qayd etgandi. Bu oʻyinda ham ushbu anʼana davom etdi.

Oʻyin oldidan mehmonlar safida jiddiy yoʻqotishlar mavjud edi. Dario Essugo, Levi Kolvil, Romeo Laviya va Koul Palmer kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonga tusha olishmadi.

Enso Mareska ularning oʻrnini yosh futbolchilar bilan toʻldirdi. Hisob 37-daqiqada ochildi. Jeymi Gittensning uzatmasidan soʻng, Pedro Netu hisobni ochdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda ham “Chelsi” toʻliq ustunlikka ega boʻldi. 88-daqiqada hisob 2:0 koʻrinishini oldi. Mars Giyuning uzatmasidan soʻng, Enso Fernandes oʻz nomini tabloga yozdirdi. Shu tariqa oʻyin 2:0 hisobida “aristokratlar” gʻalabasi bilan yakunlandi.

“Byornli” — “Chelsi” 0:2

Gollar: Netu 37, Fernandes 88.

“Byornli”: Dubravka, Uoker, Tshauna (Larsen, 76), Tuanzebe, Esteve, Xartman, Florentino (Loran, 84), Kallen, Ugokuxu (Mejbri, 72), Entoni (Foster, 72), Flemming (Broya, 72).

“Chelsi”: Sanches, Jeyms (Badiashil, 46), Chaloba, Kukurelya, Netu, Fernandes, Joao Pedro (Giyu, 76), Andrey Santos, Tosin, Delap (Gusto, 67), Gittens.

“Liverpul”dan navbatdagi magʻlubiyat

Bu haqida gap ketarkan, “Liverpul”da inqiroz davom etadi, degan jumla bilan boshlash maqsadga muvofiq. “Mersisaydliklar” sentyabr va oktyabr oylarida qator ogʻir magʻlubiyatlarni qabul qilib olishdi.

Ammo noyabr oyi Arne Slot jamoasi uchun omadli boshlandi. Dastlab APL doirasida “Aston Villa” 2:0 hisobida magʻlub etildi. Ordan 3 kun oʻtib, Yevropa Chempionlar ligasida “Real Madrid” 1:0 hisobida taslim etildi. Bu natijalardan keyin jamoada vaziyat barqarorlashgandek edi.

Biroq FIFA kunlaridan oldin “mersisaydliklar” Erling Holand boshchiligidagi “Manchester Siti”dan 3:0 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Bu tasodifdek koʻringandi, ammo FIFA kunlaridan keyingi uchrashuvda ham “Liverpul” yirik magʻlubiyatni qabul qilib oldi.

Bu gal jamoa oʻziga ancha quyida joylashgan — turnir jadvalida 16-oʻrinda turgan “Nottinghem Forest”ni qabul qildi. Hisob 33-daqiqada Murilyo tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning boshlanishi bilanoq hisob 2:0 boʻldi. Neko Uilyamsning uzatmasidan soʻng, Nikola Savona gol kiritdi. 78-daqiqada Morgan Gibbs-Uayt oʻyindagi soʻnggi toʻpni kiritdi.

Shu tariqa “Nottinghem Forest” “Enfild”dan yirik gʻalaba bilan qaytdi. Arne Slotning esa isteʼfosi yaqinlashayotgani koʻrinyapti.

“Liverpul” – “Nottinghem Forest” 0:3

Gollar: Murilyo 33, Savona 46, Gibbs-Uayt 79.

“Liverpul”: Alisson, Van Deyk, Konate (Ekitike, 55), Kerkez (Robertson, 68), Soboslai, Makallister, Jons (Nguoma, 78), Gakpo, Gravenberh, Isak (Kiyeza, 68), Saloh.

“Nottinghem Forest”: Sels, Uilyams, Murilyo, Sangare, Anderson, Gibbs-Uayt, Ndoy, Dominges (Xatchinson, 61), Jezus, Milenkovich, Savona.

“Manchester Siti”da yana magʻlubiyat

Tur doirasidan oʻrin olgan yana bir oʻyin Nyukasl shahrida boʻlib oʻtdi. Unda shu nom bilan ataluvchi klub oʻz maydonida “Manchester Siti“ni qabul qildi.

“Shaharliklar”ning deyarli hamma futbolchisi FIFA kunlarida tingani yoʻq. Shu sabab boʻlsa kerak, jamoa futbolchilarida toliqish alomatlari yaqqol koʻrindi. Ayniqsa, birinchi boʻlimda.

Oʻyin oldidan “manchesterliklar” tarkibida faqatgina 2 ta yoʻqotish boʻlib, Rodri va Kovachich jarohati tufayli maydonga tusha olishmadi.

Mezbonlar tarkibida esa yoʻqotishlar talaygina edi. Shu kuni Eddi Hav boshchiligidagi jamoaga Gordon, Osula, Byorn, Vissa, Eshbu kabi futbolchilar yordam bera olishmadi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimi teng kurashlar ostida oʻtdi. Taymda hisob ochilmadi.

Ikkinchi boʻlimning 63-daqiqasida “Nyukasl” jamoasi bahsda hisobni ochdi. Brunoning uzatmasidan soʻng Xarvi Barns oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Oradan 5 daqiqa oʻtib, Ruben Diash hisobni tenglashtirdi.

70-daqiqada Xavyer Barns jamoasiga gʻalaba keltirgan golni kiritdi. Yakuniy hisob — 2:1 mezbonlar foydasiga.

“Nyukasl” – “Manchester Siti” 2:1

Gollar: Barns 63, 70 – Diash 68

“Nyukasl”: Poup, Hall (Botman, 77), Sher, Barns (Elanga, 85), Tiav, Livramento, Joelinton, Merfi, Gimaraes, Voltemade (Uillok, 85).

“Manchester Siti”: Donnarumma, Nunes, Diash, Gvardiol, Silva (Reynders, 77), Niko, OʼRayli, Sherki (Bobb, 77), Doku (Savinio, 76), Foden (Marmush, 87), Holand.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?