“CAFA kubogi”da 3-tur oʻyinlari ortda qoldi
Bugun, 25-noyabr kuni Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi “CAFA kubogi” musobaqasining 3-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kun doirasidagi dastlabki bahsda Eron U18 terma jamoasi Tojikiston oʻsmirlar termasi bilan kuch sinashdi. Uchrashuv “forslar”ning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda kiritilgan gollarga Maryam Halilfar mualliflik qildi. Ushbu gʻalaba evaziga Eron terma jamoasi musobaqa jadvalida 3-oʻringa koʻtarilib oldi.
Kun doirasidagi ikkinchi oʻyinda Oʻzbekiston U18 terma jamoasi Turkmaniston oʻsmirlari bilan kuch sinashdi. Uchrashuvning dastlabki boʻlimida hisob ochilmadi.
Ikkinchi boʻlim boshida Turkmaniston oʻsmirlar terma jamoasi darvozasiga penalti belgilandi. Biroq terma jamoamiz sardori Shahnoza Dekanboyeva 11 metrlik jarima zarbasini noaniq amalga oshirdi.
Oʻyinning 77-daqiqasi oʻtayotgan bir paytda, terma jamoa yetakchisi Mehrangiz Hamidova burchak zarbasidan unumli foydalandi va Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasiga gʻalaba keltirgan golga mualliflik qildi.
Shu tariqa oʻyin Oʻzbekiston U18 terma jamoasining 1:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvdan soʻng CAFA tomonidan oʻyinda kiritilgan yagona gol muallifi Mehrangiz Hamidova “oʻyin qahramoni” deb topildi.
Futbolchi oʻyindan soʻng “Xalq soʻzi” nashri uchun kichik intervyu berdi:
«Gʻalaba qozonganimizdan juda xursandmiz. Biz uchun bu juda muhim oʻyin edi. Dastlabki turda yoʻqotilgan ochkolar hisobini toʻldirishimiz kerak edi. Aslida kattaroq hisobda gʻalaba qozonmoqchi edik, lekin bunday boʻlmadi.
Burchak zarbasidan gol kiritishim tasodifan boʻlgani yoʻq. Bu menga murabbiylarimiz tomonidan berilgan koʻrsatma edi. Ular koʻrsatmasini aʼlo darajada bajarganimdan xursandman.
Jamoamizda vaziyatlardan foydalanish boʻyicha muammolar bor. Menimcha, bu sunʼiy maydon bilan bogʻliq emas. Bizga omad yetishmadi. Keyingi oʻyinlarda bu borada ham xatolarga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilamiz», — dedi Mehrangiz.
Shuningdek, terma jamoamizning yana bir aʼzosi Yodgora Yusupova ham oʻyindan keyin oʻz fikrlarini bildirdi:
«Barchani gʻalaba bilan tabriklayman. Bugun kattaroq hisobda gʻalaba qozonmoqchi edik, lekin vaziyatlardan unumli foydalana olmadik
Eng katta kamchiligimiz — bu oʻyinda aniqlik yetishmagani boʻldi desam boʻladi. Bizdan tez va aniq oʻynash talab etilardi. Ammo aniqlik boʻyicha yaxshi harakat qila olmadik.
Kelgusi turda Qirgʻiz Respublikasiga qarshi oʻynaymiz. Bu jamoaga 1 oy avval Osiyo kubogi saralashida magʻlub boʻlgan edik. Ushbu magʻlubiyatni unutib qoʻyganimiz yoʻq. Nasib etsa, albatta buning uchun revansh olamiz», — dedi Yodgora Yusupova.
Ushbu gʻalaba evaziga Oʻzbekiston U18 terma jamoasi 4 ochko bilan turnir jadvalida 2-oʻringa koʻtarilib oldi.
Maʼlumot uchun, Viktoriya Sirota boshchiligidagi jamoa keyingi oʻyinini 27-noyabr sanasida oʻtkazadi. Ushbu bahsda Oʻzbekiston oʻsmirlariga Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi raqiblik qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring