“Buni tugatishimiz kerak” — Zelenskiy Tramp bilan muzokaradan soʻng yopiq uchrashuv oʻtkazdi

16:15 21 Avgust 2025 Dunyo
251 0

Foto: AP

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qurolli mojaroga barham berish uchun mamlakatda prezidentlik saylovlarini oʻtkazishga tayyorligini maʼlum qildi. Bu haqda u AQSH prezidenti Donald Tramp bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlari boʻyicha yopiq yigʻilishda maʼlum qilgan, deya yozmoqda “RBK-Ukraina”.

“Agar saylovlar allaqachon boʻlib oʻtgan boʻlsa, xursand boʻlardim. Bu mavzuni allaqachon tugatish uchun”, — degan u.

Siyosatchi saylovlar Ukrainadagi mojaroni hal qilishga ijobiy taʼsir koʻrsatsagina oʻtkazish istagini bildirdi. Uning fikricha, ovoz berish mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin.

Zelenskiy Ukraina Rossiyaning Qrim va yangi hududlar ustidan nazoratini qonuniy tan olishga rozi boʻlmasligini yana bir bor taʼkidladi. Shu bilan birga, u Kiyevning bu boradagi qadamlarini muhokama qilish Moskvaning pozitsiyasi Ukrainaga aniq boʻlganidan keyin mumkin boʻlishini bildirdi.

Siyosatchi 18-avgust kuni Oq uyda boʻlib oʻtgan shaxsiy uchrashuvida Trampni hududlar masalasida koʻndirish urinishlari haqida ham gapirdi. Zelenskiy shuningdek, agar Kiyev Donesk Xalq Respublikasidagi mustahkamlangan hududlarni boy bersa, Rossiya Qurolli Kuchlari Xarkov va Dnepropetrovskga hujum boshlashi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Putin bilan qayerda uchrashmoqchi?

Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv variantlari sifatida bir qancha Yevropa davlatlari haqida gapirdi. U muzokaralar oʻtkazish mumkin boʻlgan joylar sifatida NATOga aʼzo boʻlmagan Shveysariya va Avstriyani tilga oldi.

“Biz buni adolatli deb hisoblaymiz va buni yevropaliklar taʼkidladilarki, uchrashuv betaraf Yevropada boʻlishi kerak. Chunki mojaro Yevropa qitʼasida” — degan Ukraina prezidenti.

Siyosatchi, shuningdek, AQSH vositachiligida Rossiya yetakchisi bilan uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, yaqin 7-10 kun ichida Kiyev keyingi muzokaralar uchun Vashingtondan xavfsizlik kafolatlari arxitekturasi haqida tushunchaga ega boʻlmoqchi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andriy Yermak “Corriere dela Sera” nashriga bergan intervyusida uchrashuv oʻtkaziladigan joylar roʻyxatini Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan birga kengaytirdi. Rasmiy, shuningdek, 1994-yilda imzolangan yadro qurolidan voz kechish boʻyicha Budapesht memorandumiga oʻxshashlik keltirib, uchrashuvni Moskva va Budapeshtda oʻtkazish imkoniyatini rad etdi.

Zelenskiy Moskvaning taklifini tanqid qildi

Zelenskiy Kiyevning NATOga kirishi evaziga Isroil misolida xavfsizlik kafolatlarini talab qildi. U, shuningdek, Yevropa davlatlari va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidladi.

“Bizga faqat yordam berishga tayyor boʻlgan davlatlardan xavfsizlik kafolati kerak” — deydi u

Siyosatchi, shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Xitoyni Ukraina xavfsizligi kafolati sifatida jalb etish taklifini ham tanqid qildi. U Pekinni Kiyev xavfsizligi masalasida harakatsizlikda aybladi va Budapesht memorandumiga ishora qilib, Xitoyni hujjatni imzolagan davlat deb atadi.

Budapesht memorandumi 1994-yilda faqat Rossiya, Ukraina, Buyuk Britaniya va AQSH tomonidan tuzilgan. Xitoy memorandumni imzolash oʻrniga 1994-yil 4-dekabrda hukumat bayonotini chiqarib, Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini bergan.

Zelenskiy rus tiliga davlat tili maqomi berish taklifini tanqid qildi

Uchrashuvda Zelenskiy jurnalistning savoliga javoban rus tiliga davlat tili maqomi berish taklifini tanqid qildi. U Moskvani mojaroni rusiyzabon aholi huquqlariga oid shartlar bilan hal qilishni murakkablashtirishga urinayotganlikda aybladi.

“Bizda bitta davlat tili bor — ukrain. Ruslar xohlagan narsani aytishlari mumkin” — deydi Zelenskiy

Shu yilning 6-iyun kuni Sergey Lavrov Ukrainadagi rus tilida soʻzlashuvchilar huquqlarini tiklash niyatida ekanligini maʼlum qilgandi. Diplomat, shuningdek, Ukrainadagi til muammosini hal etish uzoq muddatli tinchlik uchun zarur shart ekanini aytdi.

Ukraina ballistik raketalarni ommaviy ishlab chiqaradi

Zelenskiy Ukrainaning “Flamingo” ballistik raketalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganini tasdiqladi, shuningdek, qurollar muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilganini maʼlum qildi. Unga koʻra, “Flamingo”ni ommaviy ishlab chiqarish 2025-yil oxiri – 2026-yil boshida boshlanadi.

“Menimcha, biz yuzlab raketalarni qoʻllash qobiliyatiga ega boʻlmagunimizcha, bu haqda koʻp gapira olmaymiz”, — deydi u.

“Associated Press” xabariga koʻra, “Flamingo” raketasi 3 ming kilometrgacha masofani bosib oʻtishga qodir, uning jangovar kallagi esa 1,15 tonnani tashkil qiladi. “Fire Point” raketasi ishlab chiqaruvchisining agentlikka maʼlum qilishicha, kompaniya hozirda kuniga bittadan “Flamingo” ishlab chiqaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?