Bugungi pandemiya paytida Oʻzbekistonning tashqi qarzi tashvishlanarlimi?

18:24 21 Aprel 2020 Siyosat
1192 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi ekspert va mutaxassislar tomonidan mamlakatimiz tashqi qarzi ortib borayotganligiga doir eʼtirozli qarashlarni kuzatish mumkin.

Albatta, Oʻzbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2019-yil boshidan 40,9 foiz, yaʼni 7,1 mlrd. AQSH dollarga oshgani holda 2020-yil 1-yanvar holatiga 24,4 mlrd. AQSH dollarni tashkil qilishi, qarzdorlikning oʻsishi asosan davlat sektoriga toʻgʻri kelayotganligi (5,7 mlrd. AQSH dollar), shuningdek tashqi qarz YAIMga nisbatan 42 foizni, davlat qarzi esa 27 foizni tashkil etayotganligi haqidagi maʼlumotlar ayrim holatlarda tashvish uygʻotishi tabiiydir.

Lekin Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston tashqi qarzini YAIMga nisbatan 55 foizgacha jalb etishni moʻtadil yoki barqaror deb baholashini ham eʼtiborga olish lozim. Bundan tashqari, 2020-yil aprel oyida eʼlon qilingan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan Oʻzbekistonning uzoq muddatli kredit reytingi “BB-“ (barqaror) darajada baholanganligi mamlakatimizning qoʻshimcha tashqi mablagʻlarni jalb etishga imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Ayniqsa, pandemiya natijasida kelib chiqqan inqirozli holat sharoitida davlat byudjeti kamomadini pasaytirish vositasida tashqi qarzlarni jalb etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va boshqa manbalar hisobidan 1 mlrd. AQSH dollari miqdorigacha tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilish choralari belgilangan.

Farmonga binoan tashkil etilgan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi daromadlarini 15-aprel holatiga tahlili – asosiy mablagʻlar xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat tashkilotlarining qarz mablagʻlari hisobidan (jami shakllangan — 1,596 trln. soʻmga nisbatan 998,3 mlrd. soʻmni yoki 63 foizini) tashkil topganligini koʻrsatmoqda.

Shuning uchun mamlakatimizda pandemiya sharoitida asosiy xarajatlarni byudjetdan amalga oshirmay, uni nochor holga keltirib qoʻymay, aksincha, tashqi manbalardan keng foydalanishga harakat qilinayotganligini ijobiy baholash lozim.

Odiljon IMINOV,

Oliy Majlis Senati

Byudjet va iqtisodiy islohotlar

masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?