Bugun — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali tavallud topgan kun
Foto: Arxiv surat
Isteʼdodli shoir, adib va tarjimon Muhammad Ali (Muhammad Ali Ahmedov) 1942-yil 1-martda Andijon viloyatida tugʻilgan.
Ijodkor “Fazodagi hislar”, “Shafaq”, “Otalar yurti”, “Dostonlar”, “Oq nur”, “Ilhom parisi”, “Sen bir gulsan”, “Ona duosi” va boshqa sheʼriy asarlari, “Boqiy dunyo”, “Ulugʻ saltanat”, “Sarbadorlar” kabi nazmiy va nasriy romanlari bilan milliy adabiyotimizni boyitdi. Adibning oʻnlab tarjimalari kitobxonlar qoʻliga yetib borgan.
IZHOR
Shukrlar qilaman senga, Xudoyim,
Qutlugʻ ayyomlarga yetganim haqqi.
Qoʻlga qalam tutib, imonim qoim,
Ushbu satrlarni bitganim haqqi.
Umr charxpalagin boʻlmaydi burib,
Yoshgina bolaga shirin soʻz gʻurur.
Men noshud zamonning tubinda turib,
Umidvor qidirdim gumbazlardan nur.
Ilk bora saboqni oldim onamdan,
Murgʻak qalamimga otam ishondi.
Qutlugʻ nomi qora boʻlgan u damda,
Bordim aziz aylab Dukchi eshonni.
Talaba ekanman gʻurbatda gʻarib,
Yosh koʻnglim yoritdi «Mashrab» degan nom.
Jafokash tarixga termilgan sarim,
Qadimgi qoʻshiqlar baxsh etdi ilhom.
Xalqim tuhmatlarga qolganda nogoh,
«Oʻz-oʻzing angla!» deb maydon otildim.
Chidamoq mushkuldir, Konigilda, oh,
Sarbadorlar bilan dorga tortildim...
Temurbek etagini tutib bosafo,
Tabarruk izlarin tavof aylayman.
Noʻnoq qalamimni yoʻnib bu asno
Jonimni oʻtlarga urmoqqa shayman…
Seni sevganimdan hayotim obod,
Shodlik-quvonchingman, ohu nolangman.
Atrofga koʻz solsam, guvillar hayot,
Hur elim, saksonga kirgan bolangman!..
Shukrlar qilaman senga, Xudoyim,
Ushbu satrlarni bitganim haqqi.
Qoʻlga qalam tutib, imonim qoim,
Qutlugʻ ayyomlarga yetganim haqqi...
HAYOT ABADIY
Tom boshida yoyilgan xirmon,
Don shopirar bugʻdoyrang ayol.
Goh koʻzlari boʻlib nigoron
Yiroqlardan chorlaydi shamol.
Gʻuv–gʻuv esib qolar shabada,
Don quyilar gʻalvirdan shov–shuv.
Pastda esa, moʻjaz kulbada
Oʻgʻilchasi yotar beuyqu.
Huv narida, togʻlar boshida
Kuylab yotar shalola shov–shuv
Va ayolning shundoq qoshida
Sirgʻanadi shabada gʻuv–gʻuv...
Don shovullar, shovullar xayol,
Mavjudot ham qaytarar sado.
Esishini hech qoʻymas shamol,
Gʻalvirda ham don boʻlmas ado....
Muhammad ALI,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring