Bu dunyoda har kimning oʻz Vatani bor boʻlsin!
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekning oʻzi kuylagan togʻlarday doʻlvor va daryodil, buloqlarday begʻubor shoiri Azim Suyun agar hayot boʻlganida 75 yoshga kirgan boʻlardi.
Biroq shoirning oʻziga xos sheʼrlari hamisha koʻngillarda jaranglab turaveradi, hamisha barhayotdir.
Oq va qora
Oq buloqni izladim,
Qora buloq duch keldi.
Qora buloq suvidan ichdim, yoronlar,
Oq buloqqa yetguncha.
Oq daryoni izladim,
Qora daryo duch keldi.
Qora daryo bagʻrida choʻmildim, doʻstlar,
Oq daryoga oʻtguncha.
Oq togʻlarni izladim,
Qora togʻlar duch keldi.
Qora togʻlar quchogʻini kezdim, yoronlar,
Oq togʻlarga ketguncha.
Oq va qora dunyoni
Chappor urib aylangum,
Oq shomlar tugab, doʻstlar,
Qora shomlar quchguncha...
* * *
Andiz oʻsgan yerlarda otlar bevaqt oʻlmagʻay,
Yaxshi boʻlsa ayollar erlar yuzi soʻlmagʻay.
Qaysi yurtda chinakam botir ersa yigitlar,
Oʻsha yurtning ellari yovlarga qul boʻlmagʻay.
Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa oʻldirar,
Bogʻ koʻrmagan bogʻ koʻrsa, payhon qilar, soʻldirar.
Hushyor boʻlgil, jon elim, elday saqla elingni,
Yovlaringga qoʻl bersang paymonangni toʻldirar.
Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.
Qay bir millat tuprogʻin toptar ekan makkor yov,
Oʻzligin bilmaganning baxti aslo butunmas!
Argʻumoqlarga mining, gʻolib qilich yor boʻlsin!
Bu dunyoda har kimning oʻz Vatani bor boʻlsin!
Bahodirning qilichi
Bahodirning qilichi sindi…
Soʻnggi nuqta.
Tugadi ertak.
Pastak hovli chetida dilxun
Bir bola yigʻlaydi —
qoʻlida kitob.
Bahodirning qilichi sindi,
Bahodirning qilichi sindi.
Yovniki butun!
Qayga ketdi yaproqdek bola,
Boʻta kabi qayda boʻzlaydi?
Uchib yurgan varaqlar, ana,
Shamollarga ertak soʻzlaydi.
Bola qani?.. Bilmayman, ammo,
Ishonaman, qaylardadir u
Bahodirga qilich izlaydi.
Azim SUYUN
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- Loyihaoldi va xarid hujjatlarini kompleks ekspertiza qilish tizimi samaradorligi oshiriladi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Toshkentda “zaklatchik”larni ushlagan inspektorga muddatidan oldin mayor unvoni berildi
- Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring