Bryussel shahrida “Oʻzbekiston—Yevropa Ittifoqi” tahlil markazlari forumi boʻlib oʻtdi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi hamda Oʻzbekiston va Yevropaning yetakchi tahlil markazlari bilan hamkorlikda Bryussel shahrida “Oʻzbekiston—Yevropa Ittifoqi” tahlil markazlari forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev kirish soʻzi bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida tahlil markazlari ekspertlari tomonidan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo bilan munosabatlari koʻrib chiqilib, hamkorlikning asosiy jihatlari, xususan, mintaqada ikki va koʻp tomonlama aloqalarni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Ekspertlar tomonidan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiy integratsiya va savdoni mustahkamlash imkoniyatlari hamda Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlik dinamikasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqaning global iqtisodiy va siyosiy jarayonlardagi strategik roli, jumladan, transport va energetika yoʻlaklarining taʼsiri, barqaror infratuzilmani rivojlantirish, “yashil” oʻtish va raqamlashtirishni qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqi va mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va strategik muloqotni mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar.

Yevropaning Osiyo tadqiqotlari institutida davom etgan muloqotlarda YI va Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradigan barqaror rivojlanish, taʼlim va madaniy almashinuv sohasida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik, jumladan, transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlik qilish va umumiy muammolarni hal qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari haqida soʻz bordi.
Forum doirasida, jumladan, Oʻzbekiston tahliliy markazlari delegatsiyasi vakillarining Bryussel shahrida Qirollik xalqaro munosabatlar instituti (EGMONT) bosh direktori Pol De Vitto bilan uchrashuvi tashkil qilindi.
Unda hamkorlarga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida EGMONT instituti bosh direktori Pol De Vitto mamlakatimizda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, davlatimizning mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatini yuqori baholadi.
Samimiy muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston tahliliy markazlari hamda EGMONT instituti oʻrtasida hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, birgalikda takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalda tatbiq qilish masalalari boʻyicha fikr almashildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring