Bojxona kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

12:38 19 Yanvar 2024 Siyosat
556 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta koʻrib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik toʻsiq va gʻovlar bekor qilindi.

Koʻrilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, tadbirkorlik subyektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Shu bilan birga qonunchilikni xalqaro normalarga uygʻunlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati mavjud.

Muhokama qilingan Qonun qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etishga, tovarlarni olib kirishda bojxona qiymatini aniqlashga doir normalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Qonun bilan sohaga yangi amaliyotlar joriy etilmoqda.

Xususan, bojxona hududi reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni olib chiqish boʻyicha aniq muddatlar, shuningdek reeksportga olib chiqilmagan tovarlarning saqlash joylari belgilanmoqda.

2018-2020-yillarda bojxona omborlariga 488 partiyadagi qiymati 186,8 mln dollarga teng 125,6 ming tonna tovarlar olib kelingan boʻlib, bugungi kunga qadar “bojxona ombori” bojxona rejimida muddati oʻtgan holda saqlanmoqda.

Ushbu Qonun tovarlar bir necha bor bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilganda yoki boshqa shaxsga oʻtkazilganda bojxona ombori bojxona rejimining umumiy amal qilish muddati 3-yildan oshmasligi boʻyicha aniqlashtiruvchi norma bilan toʻldirilmoqda.

Shuningdek, Qonunga koʻra endilikda tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashning texnologik jarayoni toʻgʻrisidagi hujjat kichik turdagi tashkilotlardan emas, balki faqatgina yirik davlat ulushi boʻlgan tashkilotlardan talab etiladi.

Mazkur yengillik tadbirkorlar uchun qayta ishlash rejimidan samarali foydalanish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Qonun bilan tovarlar chiqarib yuborilguniga qadar tayinlangan bojxona ekspertizasining natijalari olingunicha tovarlarni chiqarib yuborishga ruxsat berilmoqda.

Olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan toʻxtatib turish chorasini koʻrish mumkinligi boʻyicha norma kiritilmoqda. Bu amaliyot tovarlar eksportini amalga oshiruvchi milliy ishlab chiqaruvchilarga qulayliklar beradi. Xususan, bu oʻzi ishlab chiqargan tovarlarning kontrafakt nusxalarini xorijga eksport qilishning oldini oladi, chet davlatlarda milliy brendlarimiz obroʻsini oshiradi, halol raqobat muhitini (oʻzganing brendini oʻgʻirlamaslik) taʼminlaydi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Qonun milliy qonunchilik xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini taʼminlashga, shu jumladan iqtisodiyotda teng raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishga va chet el investitsiyalarini keng jalb qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер