Bor mehrimiz sizga armugʻon

19:07 04 Dekabr 2023 Jamiyat
459 0

Foto: Xalq soʻzi

3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Namangan shahridagi “Sherdor” tantanalar majmuasida jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan marosim tashkil etildi.

Unda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etib, mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangani, ayni jarayonda aholining nogironligi boʻlgan qatlamiga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotganini taʼkidladi.

— Bugungi kunda hududimizda istiqomat qilayotgan 74 ming nafardan ziyod nogironligi bor fuqarolarning jamiyatda oʻz oʻrnini his etib yashashi, oʻqishi va mehnat qilishi, bir qator imtiyozlardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, — deydi ijtimoiy himoya Milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi boshligʻi Ibrohim Hojiyev. — Har tomonlama gʻamxoʻrlik bilan qurshab olingan bu insonlarning muammoli masalalari tezkorlik bilan hal etib berilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 1597 kishiga maxsus aravacha, 617 kishiga eshitish moslamasi, boshqa koʻplab shaxslarga qoʻltiqtayoq, hassa va boshqa vositalar taqdim etilib, 1310 nafar nogironning sogʻlomlashtirish maskanlariga yuborilganligi, 412 kishining uy-joyi taʼmirdan chiqarib berilganligi buning tasdigʻidir.

Tadbir chogʻida oʻz mehnati va ijtimoiy faolligi bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan nogironlardan bir guruhiga viloyat hokimligining faxriy yorligʻi, barcha qatnashchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” deya belgilab qoʻyilgan hayotda oʻzining amaliy ifodasini topmoqda, — deydi kosonsoylik ikkinchi guruh nogironi Javlon Abdullayev. — Davlat tomonidan yaratib berilgan sharoit va imtiyozlar jamiyat barcha aʼzolari bilan uygʻun hayot kechirishimizda muhim omil boʻlmoqda.

Toʻkin dasturxon atrofida tashkil etilgan tadbir dasturidan oʻrin olgan badiiy dastur kuy, qoʻshiq va raqslari ishtirokchilar koʻngliga cheksiz zavq-shavq olib kirdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?